Buxoroda ayolining joniga qasd qilgan erkakka hukm o‘qildi
Illyustrativ foto
Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida sodir bo‘lgan navbatdagi oilaviy fojia yosh ayolning umriga zomin bo‘ldi. Sud hujjatlarida keltirilishicha, 2025-yil 6-noyabr kuni tun yarimiga yaqin sodir bo‘lgan voqea oqibatida 22 yoshli talaba X.I. turmush o‘rtog‘i qo‘lidan halok bo‘lgan.
Tergov materiallariga ko‘ra, O.Ch. va X.I. 2023-yil mart oyida turmush qurgan bo‘lib, ularning bir farzandi bor edi. Turmush davomida er-xotin o‘rtasida muntazam kelishmovchiliklar kuzatilgan. 2025-yil sentyabr oyida navbatdagi janjaldan keyin X.I. ota-onasining uyiga ketib qolgan.
Oradan vaqt o‘tib, O.Ch. turmush o‘rtog‘i foydalangan telefon raqamini qayta tiklagan va ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalari bilan tanishgan. Uning aytishicha, turmush o‘rtog‘i boshqa bir erkak bilan muloqot qilganidan xabar topgan. Bu holat er-xotin o‘rtasidagi munosabatlarni yanada keskinlashtirgan.
O.Ch. turmush o‘rtog‘i bilan telefon orqali bog‘lanib, uchrashishni taklif qilgan, X.I. taklifga rozilik bildirib, Buxoro shahridan Qorako‘l tumanidagi uyiga kelgan.
Sudda o‘qilgan ko‘rsatmalarga ko‘ra, O.Ch. turmush o‘rtog‘i kelishidan avval oshxonadan yog‘och dastali pichoqni olib chiqib, yotoqxona kirish qismidagi javon ustiga qo‘yib qo‘ygan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi raisi Boborahim Ochilovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, bu holat keyinchalik sud tomonidan jinoyatning oldindan o‘ylanganligini tasdiqlovchi muhim holatlardan biri sifatida baholangan.
Kechki suhbat davomida er-xotin o‘rtasida avvalgi nizolar va telefondagi yozishmalar haqida gap ketadi. Sudlanuvchining ko‘rsatuviga ko‘ra, X.I. boshqa shaxs bilan munosabatda bo‘lganligini tan olgan. Soat taxminan 23:00 larda O.Ch. ayoliga uni kechirganligini aytgan. Biroq oradan bir necha lahza o‘tgach, yotoqxona eshigi oldida turgan pichoqni qo‘liga olib, ayoliga hujum qilgan.
Ekspertiza ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanuvchi ko‘krak, qorin va qo‘l sohalariga jami to‘rt marta pichoq zarbasi olgan. Yurak sohasiga yetkazilgan sanchib-kesuvchi jarohatlar oqibatida o‘tkir tashqi qon ketishi yuz bergan va bu uning o‘limiga sabab bo‘lgan.
Qotillikdan keyin O.Ch. tanishiga qo‘ng‘iroq qilib, uyda bo‘lgan buvisini boshqa joyga olib ketishni so‘ragan. Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, mahalla profilaktika inspektoriga telefon qilib, turmush o‘rtog‘ini o‘ldirib qo‘yganini ma’lum qilgan.
Hodisa joyiga birinchi bo‘lib yetib kelgan profilaktika inspektori yotoqxonada krovat ustida harakatsiz yotgan X.I.ni va uning yonida qon izlari bo‘lgan oshxona pichog‘ini ko‘rgan. Tekshiruv chog‘ida ayolda hayot alomatlari yo‘qligi aniqlangan.
Sud jarayonida sudlanuvchi aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Jabrlanuvchining onasi U.A. esa qizining o‘qishni davom ettirayotgani, oilaviy kelishmovchiliklarga qaramay, turmushini saqlab qolishga harakat qilganini ta’kidlab, suddan qonuniy jazo tayinlashni so‘ragan.
Sud hay’ati ish bo‘yicha yig‘ilgan dalillar, guvohlar ko‘rsatmalari, sud-tibbiy, biologik, kriminalistik va psixiatriya ekspertizalari xulosalarini o‘rganib chiqib, O.Ch.ning aybi to‘liq isbotlangan, deb topildi.
U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) jinoyatini sodir etganlikda ayblangan.
Sud hukmi bilan O.Ch. 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter