Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda besh yuzdan ortiq bolalarda bepul jarrohlik amaliyotlari boshlandi

Buxoroda besh yuzdan ortiq bolalarda bepul jarrohlik amaliyotlari boshlandi

Foto: Xabar.uz

Ma’lumki, Qurbon hayiti munosabati bilan respublika bo‘ylab ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash uchun 680 milliard so‘m mablag‘ ijtimoiy yordam va tibbiy xizmatlarga yo‘naltirilgan edi. Bu pullar kam ta’minlangan oilalar hamda og‘ir xastalikka chalingan bemorlarni davolashga sarflashga qaratilgan.

Shu nuqtayi-nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-maydagi 196-son qarori hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘iga muvofiq, Buxoro viloyati Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida hamda viloyat Onkologiya dispanserida og‘ir va nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolalar uchun yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari boshlandi.

Buxoro viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Elyor Oltiyevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, yurak-qon tomir, ortopediya, urologiya, neyroxirurgiya, LOR, ko‘z va bolalar jarrohligi yo‘nalishlarida yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, «Vaqf» xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan

510 nafar buxorolik 0-18 yoshli bolalarda jarrohlik amaliyotini o‘tkazishi ko‘rsatilgan. 244 nafar bolalar ro‘yxati shakllantirilgan. 266 nafar bolalar ro‘yxatini shakllantirish uchun esa Buxoroda yashaydigan 7042 nafar nogironligi bor va ijtimoiy himoya reyestrida turadiganlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

— Bolalar 12 yo‘nalishdagi mutaxassislar ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy-ko‘rikdan o‘tkazildi. Jarayonda laboratoriya tahlillari, diagnostik va ultratovush tekshiruvlari, elektroensefalogramma hamda kardiogramma kabi zamonaviy tekshiruvlar amalga oshirildi. Ko‘rik yakunlariga ko‘ra, jarrohlik amaliyotiga muhtoj, deb topilgan bolalar mutaxassislar nazoratiga olinib, davolash rejasi shakllantirildi,—dedi boshqarmasi boshlig‘i.

Ta’kidlanishicha, Buxoro viloyati uchun jami 500 nafardan ziyod 0-18 yoshdagi bolalarga 74 ta onkologik, onkogematologik va gematologik va 5 ta transplantatsiya o‘tkaziladigan bemorlar uchun vaucherlar berilishi ko‘zlangan. Bugungi kunga qadar 123 nafar onkologik, onkogematologik va gematologik bemorlarga vaucherlar berilgan.

Onkologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan 141 nafar, jigar, buyrak hamda yurak-qon tomir kasalliklari mavjud 20 nafar bolaga maxsus kvotalar ajratilgan bo‘lsa-da, ularning soni cheklanmagani ta’kidlanmoqda.

Boshqarma boshlig‘ining aytishicha, bugun, joriy yilning 2 iyun kunida viloyat Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 8 nafar bolaga yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Bolalar sog‘lom va salomatliklari nazoratda. Bunday xayrli ishlar bolajonlarda kelgusida kuzatilishi mumkin bo‘lgan nogironlik holatlarining oldini olishga qaratilgan. Keyingi kunlarda esa 125 nafar onkologik va 16 nafar onkogematolik, onkologik, gematologik va onkogematologik tashxisi qo‘yilgan bemorlarda jarrohlik amaliyotlari boshlanadi.

Ma’lum bo‘lishicha, jigar va buyrak transplantatsiyasi, ko‘z shox pardasini ko‘chirish bilan bog‘liq jarroxlik amaliyotlari ham o‘tkaziladi.

O‘tkazilayotgan yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari ko‘plab oilalarni yillar davomida qiynab kelgan muammosiga yechim bo‘lib xizmat qilmoqda. Sababi, bu jarayonlarda barcha xarajatlar davlat maqsadli jamg‘armalari va boshqa manbalardan ajratilgan mablag‘lar hisobidan qoplab berilyapti.

Malakali mutaxassislar hamda mahalliy jarrohlar hamkorligida o‘tkazilayotgan bu kabi amaliyotlar yaqin-yaqingacha Toshkentda yoki chet davlatlarda amalga oshirilar edi. Bu esa nafaqat, katta xarajat, balki, uzoq navbatlar, stress va vaqt yo‘qotishlarga olib kelgan. Davlatimiz rahbarining sohaga e’tibori natijasida yurak xastaligi bilan og‘rigan bolalar mahalliy sharoitda o‘z dardiga davo topmoqda,—dedi Elyor Oltiyev.

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring