Dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan tashkilotlarga kredit ajratiladi
Hukumat qarori bilan texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi tasdiqlandi.
2026-yil 20-avgustdagi 449-son Hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, davlat texnikumlari bilan dual ta’limni tashkil etgan va bitiruvchilarni ish bilan ta’minlagan tashkilotlar kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kredit olish uchun tashkilot:
- texnikum bilan amaldagi dual ta’lim shartnomasiga ega bo‘lishi;
- o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etgan bo‘lishi;
- o‘quvchilarga malakali mutaxassislarni «ustoz» sifatida biriktirishi;
- dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzib, ularga ish haqi to‘lashi;
- joriy yilda texnikum bitiruvchisini bo‘sh ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi kerak.
Kredit olish istagidagi tashkilot tijorat bankiga ariza, amaldagi tasdiqlovchi hujjatlar, texnikum va tashkilot o‘rtasidagi hamda tashkilot va o‘quvchi o‘rtasidagi dual ta’lim shartnomalari nusxalari, dual ta’lim dasturi, o‘quvchilar ro‘yxati, kredit mablag‘laridan foydalanish rejasi va soliq qarzi mavjud emasligi haqida ma’lumot taqdim etadi.
Taqdim etilgan hujjatlar kreditga layoqatlilik talablariga javob bersa, tijorat banki 3 ish kuni ichida tashkilotni xabardor qiladi, kredit shartnomasini tuzadi va mablag‘ni uning hisobvarag‘iga o‘tkazadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter