Yevropa Rossiyani genotsidda aybladi
Evropa parlamenti binosi. Bryussel shahri.
Yevropa parlamenti Rossiya Federatsiyasi tomonidan ukrainalik bolalarga nisbatan sodir etilgan xatti-harakatlarni genotsid deya tan oluvchi hujjatni qabul qildi. Qonunchilik idorasi Yevropa Ittifoqi mamlakatlarini ham genotsid faktini tan olishga chaqirgan.
Qonun loyihasini 536 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan, 8 nafari qarshi chiqqan, 37 nafari esa ovoz berishdan tiyilgan.
Yevroparlament BMTning genotsidga oid konvensiyasiga tayanib shunday qaror qabul qilgan. Ushbu hujjatda muayyan milliy, etnik, irqiy yoki diniy guruhga mansub bolalarni mazkur guruhni butunlay yoki qisman yo‘q qilish maqsadida zo‘ravonlik yo‘li bilan ko‘chirish genotsid akti deb baholangan.
Yevropa parlamenti qabul qilgan rezolyusiyada ukrainalik bolalarni tizimli ravishda tug‘ilgan joyidan ko‘chirish, deportatsiya qilish va majburiy tarzda ruslashtirish keskin qoralangan.
Yevroparlamentning Latviyadan saylangan deputati Rixards Kols fikricha, ushbu g‘ayriqonuniy xatti-harakat Rossiyadagi minglab davlat xizmatchilari, lagerlar rahbarlari va ishg‘ol ostidagi ma’muriyatlar mulozimlari ishtirokida sodir etilmoqda.
YeI bosh diplomati Kaya Kallas esa bosib olingan hududlardan ukrainalik bolalarni Rossiyaga majburan ko‘chirish prezident Vladimir Putin shaxsan ma’qullagan siyosat ekanini ta’kidlagan.
Yevropalik qonun ijodkorlari majburan ko‘chirilgan bolalarni zudlik bilan, hech qanday shartlarsiz vataniga qaytarish Moskva bilan muzokaralarda asosiy masalalardan biri bo‘lishini bayon qilgan.
2026-yil sentyabr holatiga ko‘ra, Rossiya tomonidan 20651 nafar ukrainalik bolalarning majburan ko‘chirilishi yoki deportatsiya qilinishi tasdiqlangan. Ayni paytda 1,6 million nafar ukrainalik bolalar Rossiya bosib olgan hududlarda qolayotgani aytilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, 2023-yilda Haagada joylashgan Xalqaro jinoiy sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bolalar huquqlari bo‘yicha ombudsman Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergandi. Ushbu order aynan Rossiya qo‘shinining Ukrainaga bostirib kirishi va uning oqibatida Ukrainadan bolalarning Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilinishi bilan bog‘liq.
Yevropalik deputatlar ushbu xatti-harakat uchun nafaqat Rossiyaning oliy rahbariyati, balki uni sodir etishda qatnashayotgan barcha shaxslar javobgarlikka tortilishi lozim deb hisoblaydi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter