Ishlayotgan onalarga bolasi bir yoshga to‘lgunga qadar nafaqa to‘lanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan yangi yondashuvlar belgilandi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yil yakuniga qadar ehtiyojmand aholini «Ijtimoiy reyestr»ga kiritish tizimini qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
Yangi tartibda aholining daromadi bilan birga surunkali kasallik, nogironlik, ko‘p bolalilik va oila a’zosining xorijda ishlayotgani kabi omillar ham hisobga olinadi. Shu tariqa ko‘p o‘lchovli baholash tizimiga o‘tiladi.
Qayd etilishicha, respublikada kambag‘allik darajasi 3,9 foizga tushgan. Biroq 3 yoshgacha farzandi bor oilalarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 6,5 foizni tashkil etmoqda.
«Bola parvarishlayotgan ota-onalarni uyida yoki mahallada ishli va daromadli qiladigan tizimni yo‘lga qo‘yamiz», — dedi Prezident.
Shuningdek, ishlayotgan onalarga farzandi bir yoshga to‘lgunga qadar Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan nafaqa to‘lanishi belgilandi.
Mehnatga layoqatsiz ehtiyojmand oilalarga «passiv daromad» keltiradigan ijtimoiy paket uchun joriy yil 300 milliard so‘m ajratilgan. Bunday yordam olgan 11 ming oilaning yarmida daromad sezilarli oshgani qayd etildi.
Mutasaddilarga bir hafta ichida ushbu tizimni davom ettirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Kelasi yildan reyestrga kiritilgan oila farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha badali, o‘quv markazi to‘lovi, yo‘lkirasi hamda oliygohdagi yotoqxona xarajatlari vaucher orqali qoplab beriladi.
Vaucher 12 oy muddatga beriladi va oila Ijtimoiy reyestrdan chiqarilganidan keyin ham amal qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter