Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi “Turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey” deb e’tirof etildi
Joriy yilning 10 aprel kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida turkiy dunyo madaniy hayotida muhim ahamiyat kasb etuvchi yirik adabiy-ma’rifiy tadbir — “Turkiy dunyo adabiyoti” turkumidagi yangi kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir turkiy tilli xalqlar yozuvchilarining “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyasi doirasida tashkil etildi.
Taqdimot O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro TURKSOY tashkiloti hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida o‘tkazilib, u turkiy xalqlar o‘rtasidagi adabiy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, mushtarak ma’naviy merosni targ‘ib etish va ijodiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qildi.
Ta’kidlash joizki, yaqinda Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi va “Mereke baspalari” nashriyoti tomonidan nashr etilgan “Turkiy dunyo adabiyoti” turkumi doirasida qozoq tilida turkiy adabiyotning taniqli namoyandalari asarlari keng kitobxonlar ommasiga taqdim etildi. Jumladan, Anarning “Qonaq uy bolmesi”, Xayriddin Sultonovning “Baqit jag‘alaui”, Sulton Rayevning “Topan”, Arslon Qoyshiyevning “Tuqimqurt” asarlari ushbu turkumdan joy olgan. Ushbu nashrlar azaldan tili, dili, madaniyati va qadriyatlari mushtarak bo‘lgan turkiy xalqlarni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Tadbirda qator nufuzli davlat va jamoat arboblari, taniqli yozuvchi va shoirlar ishtirok etdilar. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov, Xalqaro TURKSOY tashkiloti bosh kotibi, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Sulton Rayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov hamda Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Mereke Qulkenov ishtirok etib, o‘z ma’ruzalarida turkiy adabiyotning bugungi taraqqiyoti, uning jahon madaniyatidagi o‘rni va istiqbollari haqida atroflicha fikr bildirdilar.
Taqdimot jarayonida yangi kitoblar namoyishi munosabati bilan ramziy tasma kesish marosimi o‘tkazildi. Shuningdek, kitob mualliflari ishtirokida ijodiy muloqot tashkil etilib, ular o‘z asarlarining mazmun-mohiyati, g‘oyaviy yo‘nalishi hamda turkiy adabiyot o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir va hamkorlik masalalari haqida so‘z yuritdilar.
Tadbir doirasida adabiyotshunos va mutaxassislar — Didar Qulkenov, Muhammad Ali, Ahmadjon Meliboyev, Mamatqul Hazratqulov kabilar ham ma’ruza qilib, turkiy adabiyotning zamonaviy tendensiyalari, uning xalqaro madaniy maydondagi o‘rni va ahamiyati xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
E’tiborli jihatlardan yana biri — xalqaro anjuman doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining “Turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey” deb e’tirof etilganidir. Bu e’tirof Markazning jahon ilmiy va madaniy hamjamiyatidagi nufuzini yanada mustahkamlab, uni xalqaro muloqot va hamkorlikning muhim platformasi sifatida namoyon etdi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur tadbir turkiy dunyo mamlakatlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, adabiy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda umumiy ma’naviy qadriyatlarni keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter