Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Janubiy Koreyada so‘nggi 15 yilda birinchi marta tug‘ilish ko‘paydi

Janubiy Koreyada so‘nggi 15 yilda birinchi marta tug‘ilish ko‘paydi

Foto: Freepik

2025-yilda Janubiy Koreyada so‘nggi 15 yil ichida tug‘ilishning eng yuqori o‘sish sur’ati qayd etildi. Bu haqda Janubiy Koreya Ma’lumotlar va statistika vazirligi e’lon qilgan hujjatlarga asoslanib The Guardian nashri xabar berdi.

O‘tgan yili mamlakatda 254,5 ming nafar chaqaloq dunyoga keldi — bu 2024-yilga nisbatan 6,8 foizga ko‘p demakdir. Tug‘ilish koeffitsiyenti esa 0,75 dan 0,8 ga ko‘tarilib, 2021-yilgi darajaga qaytdi.

Ekspertlar tug‘ilish o‘sishini «exo-bumerlar» mikroavlodi bilan izohlashmoqda — bu ayni paytda reproduktiv faollik cho‘qqisiga chiqqan 1991–1995-yillarda tug‘ilgan avloddir. «Exo-bumerlar» Koreya hukumati oilani rejalashtirish siyosatidan voz kechgan davrdagi qisqa muddatli tug‘ilish o‘sishi natijasida dunyoga kelgan.

Yana bir muhim omil — pandemiyadan keyin ilk bor nikohlar sonining ko‘payishidir. Turmush qurgandan keyingi dastlabki ikki yil ichida farzand ko‘rish ko‘rsatkichi 10,2 foizga yuqoriladi. Demograflarning fikricha, kechroq yoshda oila qurayotgan juftliklar farzand ko‘rishni ko‘proq rejalashtirmoqdalar.

Ijobiy tendensiyaga qaramay, o‘lim ko‘rsatkichi tug‘ilishdan qariyb 109 ming kishiga ko‘proq bo‘lib qolmoqda. Janubiy Koreya hamon Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) davlatlari ichida tug‘ilish koeffitsiyenti 1,0 dan past bo‘lgan yagona mamlakatdir. Demograflarning ogohlantirishicha, «exo-bumerlar» effekti taxminan 2027-yilda o‘z kuchini yo‘qotadi — o‘shanda reproduktiv yoshga 1996-yildan keyin tug‘ilgan kam sonli avlod vakillari yetib keladi.

Ekspertlarning fikricha, past tug‘ilishga sabab bo‘luvchi muammolar hamon saqlanib qolmoqda. Ularning asosiylari sirasiga uy-joyning qimmatligi, ta’lim xarajatlarining yuqoriligi, korxonalarda kichik yoshli farzandi bor xodimlarga nisbatan salbiy munosabat va yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik kiradi. So‘nggi 20 yil ichida mamlakat hukumati tug‘ilishni qo‘llab-quvvatlash choralariga, jumladan, nafaqalar, uy-joy subsidiyalari va bolalar muassasalarini rivojlantirishga yuzlab milliard dollar mablag‘ yo‘naltirgan.

Ma’lumot uchun: Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda 879 599 nafar chaqaloq dunyoga kelgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring