Mamlakatimizga chet eldan pul o‘tkazmalari hajmi 17,3 mlrd dollarga yetdi
2025-yilning 11 oyi davomida (yanvar–noyabr) O‘zbekistonga transchegaraviy pul o‘tkazmalari orqali 17,3 mlrd dollar valyuta mablag‘lari kelib tushdi, deyiladi Markaziy bank taqdim etgan ma’lumotlarda.
O‘tgan yilning mos davriga solishtirilganda, O‘zbekistonga 25 foiz yoki 3,5 mlrd dollar ko‘proq valyuta kirib kelgan.
E’tiborli fakt: yilning oxirgi oylarida valyuta kirib kelishi sustlashgan, xususan, noyabrda pul o‘tkazmalari keskin qisqarib, 1,48 mlrd dollarni tashkil etgan — yil davomidagi eng past oylik ko‘rsatkichlardan biri.
Eng ko‘p valyuta kirishi iyulda qayd etilgan — 1,97 mlrd dollar.
O‘n bir oyda xalqaro pul o‘tkazmalari orqali O‘zbekistondan chet elga chiqib ketgan valyuta mablag‘lari hajmi 2,4 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 157 mln dollarga kam bo‘lib, chiqimlar qisqarayotganidan dalolat beradi.
O‘zbekistonga jo‘natilgan mablag‘larning juda salmoqli qismi, ya’ni 78 foizi yoki 6,4 mlrd dollari Rossiyaga to‘g‘ri keladi. Qolgan mablag‘lar Qozog‘iston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva va boshqa mamlakatlardan yuborilgan.
Markaziy bank 2026-yilda xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 6–10 foizga, o‘rta muddatli davrda esa 8–12 foizga o‘sishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Regulyatorga ko‘ra, bunga tashqi valyuta kurslari dinamikasi, mehnat migrantlariga talabning yuqoriligi va migratsiya yo‘nalishlarining kengayishi asosiy omillar vazifasini bajaradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter