Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Markaziy bank raqamli valyuta joriy etish imkoniyatini o‘rganyapti

Markaziy bank raqamli valyuta joriy etish imkoniyatini o‘rganyapti

O‘zbekiston Markaziy banki milliy valyutaning raqamli shaklini – CBDC (Central Bank Digital Currency)ni joriy etish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.

Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Toshkentda o‘tkazilayotgan Silk Road Finance and Technology Forum xalqaro anjumanida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, forum doirasida Markaziy bank raqamli valyutasi bo‘yicha maxsus hujjat – «oq kitob» e’lon qilinadi.

Hujjatda CBDCdan foydalanish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar, uning ehtimoliy modellari, afzallik va kamchiliklari hamda moliya tizimiga ta’siri tahlil qilinadi.

Tadqiqot natijalari asosida raqamli valyutani tajriba tariqasida sinovdan o‘tkazish bosqichini boshlash rejalashtirilgan.

Sinov jarayonida CBDCning O‘zbekiston sharoitiga mos modeli, uni amaldagi to‘lov va moliya infratuzilmasiga integratsiya qilish imkoniyatlari hamda raqamli iqtisodiyot rivojiga ta’siri baholanadi.

Markaziy bank raisi raqamli aktivlar va yangi shakldagi pullarga oid qarorlar shoshilmasdan, tadqiqotlar va amaliy natijalar asosida qabul qilinishini ta’kidladi.

CBDC — markaziy bank tomonidan chiqariladigan milliy valyutaning raqamli shakli hisoblanadi. U kriptovalyutalardan farqli ravishda markaziy bank tomonidan emissiya qilinadi va davlat pul tizimining bir qismi bo‘ladi.

Ayni paytda O‘zbekistonda CBDCni muomalaga kiritish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. Dastlab uning iqtisodiy samarasi, texnik imkoniyatlari, xavfsizligi va moliya tizimiga ta’siri sinovdan o‘tkaziladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring