Murojaatlar ijrosini kechiktirgan 19 nafar amaldor ishdan olindi
Prezidentning 2026-yil 1-apreldagi PF-51-son farmoni ijrosi doirasida aholi murojaatlarini o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish holati o‘rganilmoqda. Bu haqda Prezident Xalq qabulxonasi ma’lum qildi.
Tahlillar davomida 41 ta vazirlik, idora va mahalliy hokimlik tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari 1070 ta holatda buzilgani aniqlangan. Shu munosabat bilan mas’ul tashkilotlar rahbarlariga vaziyatni zudlik bilan bartaraf etish, aybdor xodimlarga nisbatan chora ko‘rish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik talabi bilan nazorat xatlari yuborilgan.
Hozirga qadar o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari natijasida 36 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi, yana 19 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini eng ko‘p buzgan tashkilotlar ham ma’lum qilindi. Ro‘yxatda Andijon viloyati hokimligi 137 ta holat bilan birinchi o‘rinni egallagan.
Undan keyin Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida 107 ta, Surxondaryo viloyati hokimligida 103 ta qoidabuzarlik qayd etilgan. Shuningdek, «Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi»da 79 ta, «O‘zbekiston mahallalari uyushmasi»da 65 ta holat aniqlangan.
Toshkent shahar hokimligi 55 ta, Qashqadaryo viloyati hokimligi va Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi 45 tadan, Namangan viloyati hokimligi esa 44 ta holat bilan eng ko‘p kamchilikka yo‘l qo‘ygan tashkilotlar qatoriga kirdi.
Shuningdek, PF-51-son farmon talablariga rioya etmagan, 600 ga yaqin murojaat bo‘yicha muddat buzilishiga yo‘l qo‘ygan hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmagan 13 ta vazirlik va idoraga oid materiallar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter