O‘zbekistonda meningit bilan kasallanish holatlari ortgan — Sanepidqo‘mita
O‘zbekistonda 2026-yil davomida aholi orasida meningokokk infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar biroz oshgani kuzatilmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning birinchi choragida respublika bo‘yicha jami 174 ta holat ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 168 nafari 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, kasallik dinamikasida ijobiy o‘zgarish kuzatilmoqda: aprel oyida holatlar soni mart oyiga nisbatan 14 foizga kamaygan.
Infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida Qo‘mita tomonidan 8 024 doza vaksina xarid qilingan, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 4 862 nafar fuqaro emlangan. Tibbiy qarshi ko‘rsatmaga ega shaxslar uchun esa shifokorlar nazoratida kimyoviy profilaktika choralari ko‘rilmoqda.
Ma’lumot uchun, meningit — bu bosh va orqa miya pardalari yallig‘lanishi bo‘lib, ko‘pincha bakteriya yoki viruslar ta’sirida yuzaga keladi. Kasallik tez rivojlanishi va og‘ir asoratlarga olib kelishi bilan xavfli.
Mutaxassislar quyidagilarga amal qilishni tavsiya etmoqda:
• o‘z vaqtida emlanish;
• shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish;
• kasallik alomatlari paydo bo‘lganda darhol shifokorga murojaat qilish;
• jamoat joylarida ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish;
• «Haj» va «Umra» safarlaridan oldin emlanish, qaytgandan so‘ng esa ommaviy tadbirlardan vaqtincha cheklanish.
Sanepidqo‘mita ma’lum qilishicha, respublikada epidemiologik vaziyat barqaror saqlanmoqda va infeksiya tarqalishining oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli choralar amalga oshirilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter