Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda yangi ijtimoiy loyiha yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistonda yangi ijtimoiy loyiha yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistonda «HAYOT Foundation» tomonidan 2026-yilga mo‘ljallangan yangi ijtimoiy loyiha taqdim etildi. Loyiha «Renessans» tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish milliy markazi» NNT hamkorligida ishga tushirilayotgan platforma doirasida amalga oshiriladi.

Mazkur tashabbus biznes vakillari, faol fuqarolar hamda davlat tuzilmalarini birlashtirib, aholi hayot sifatini oshirishga qaratilgan. Asosiy maqsad — fuqarolar uchun qulay muhit yaratish va umr davomiyligini uzaytirish.

Taqdimotda jami oltita loyiha e’lon qilindi. Ular inson, tabiat va madaniy muhitga qaratilgan uchta strategik yo‘nalish asosida shakllantirilgan.

Inson hayoti yo‘nalishida ikki loyiha ilgari surildi. «Maktabga xavfsiz harakat» tashabbusi chekka hududlardagi o‘quvchilarni maktabga xavfsiz yetkazish uchun maxsus avtobuslar joriy etishni nazarda tutadi. Shuningdek, ko‘chma piyodalar xavfsizligi maktablari tashkil etiladi.

«Hayot suvi» loyihasi esa ichimlik suvi tanqisligi mavjud hududlarda maktablar, bog‘chalar va tibbiyot muassasalarini suv bilan ta’minlashga qaratilgan. Buning uchun maxsus transport va suv saqlash infratuzilmasi yaratiladi.

Tabiat yo‘nalishida «Muhofaza etiladigan hududlarda ekoturizm» va «Ekologik ma’rifat» loyihalari taqdim etildi. Ular ekotizimlarni saqlash bilan birga, ekologik ta’lim va turizmni rivojlantirishni maqsad qiladi.

Madaniy yo‘nalishda «Hayotiy til» loyihasi ilgari surildi. U o‘zbek tilini raqamli muhitda rivojlantirish, lug‘atlar bazasi yaratish va sun’iy intellekt yechimlarini joriy etishni qamrab oladi.

Loyiha doirasida adabiy festivallar o‘tkazish va ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash ham rejalashtirilgan.

Shuningdek, jamg‘arma ochiq ijtimoiy loyihalar tanlovini ham e’lon qildi. Unda ishtirokchilar moliyaviy yordam, ekspert maslahati va tashabbuslarni kengaytirish imkoniga ega bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring