Samarqandda yiliga 10 mingta transport vositasi ishlab chiqariladi
O‘zbekistonda sanoatni diversifikatsiya qilish doirasida yangi yirik loyihaga start berildi. Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, Samarqand viloyatida mashinasozlik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Qarorda asosiy maqsadlardan biri sifatida viloyatda mashinasozlik klasterini shakllantirish va uning sanoatdagi ulushini 2030-yilga qadar 15 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, sanoatda qo‘shilgan qiymat ulushini 40 foizga olib chiqish rejalashtirilgan.
Hujjatga ko‘ra, yangi tashkil etiladigan mashinasozlik sanoat zonasida yiliga 10 ming dona tijorat transport vositalari ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi. Ular qatoriga yuk avtomobillari, avtobuslar, mikroavtobuslar, pikaplar va elektrda harakatlanuvchi transport vositalari kiradi.
Qarorga muvofiq, mashinasozlik sanoat zonasi Kattaqo‘rg‘on tumani hududida 100 gektar maydonda barpo etiladi.
Mazkur zonada faqat muayyan toifadagi transport vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritishi mumkin. Jumladan, N, M2, M3, O va L toifalariga kiruvchi transport vositalari hamda ularning ehtiyot qismlari va butlovchi buyumlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Mashinasozlik sanoat zonasi faoliyati «Samarqand viloyati sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi» davlat muassasasi tomonidan boshqariladi.
Shuningdek, elektr transport vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash ham muhim ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter