Toshkentdagi «10–20 ming dollarlik bekatlar» narxiga izoh berildi
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida hokim qarori bilan qiymati 10-20 ming dollar bo‘lgan namunaviy avtobus bekatlari qurilishi rejalashtirilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Bekatlarning narxi jamoatchilik o‘rtasida muhokamalar va e’tirozlarga sabab bo‘ldi.
Vaziyatga Yo‘l harakatini tashkil etish markazi munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, markaz jamoat transporti bekatlarini yangilash jarayonini o‘rganib chiqqan.
Ma’lum qilinishicha, bekat majmualarini modernizatsiya qilish oddiy metall konstruksiya o‘rnatish bilan cheklanmaydi. Loyiha hududni tayyorlash, kutish maydonlarini kengaytirish, qulay perronlar barpo etish, piyodalar yo‘laklarini obodonlashtirish, muhandislik va montaj ishlarini bajarish, xavfsizlik hamda raqamli tizimlarni joriy etishni o‘z ichiga oladi.
Yangi bekatlar 24 soat ishlaydigan videokuzatuv kameralari, favqulodda holatlarda «112» xizmatiga bog‘lanish imkonini beruvchi SOS tugmasi, avtobuslar kelishi vaqti aks ettiriladigan elektron tablolar, mobil qurilmalarni quvvatlash stansiyalari, vending apparatlari, o‘rindiqlar va chiqindi qutilari bilan jihozlanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, bekatlar markazlashtirilgan videomonitoring tizimiga ulanadi, favqulodda aloqa tugmalari esa dispetcherlik infratuzilmasi bilan integratsiya qilinadi. Avtobus eshiklari balandligidan kelib chiqib maxsus perronlar barpo etiladi va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun inklyuziv muhit yaratiladi.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, mazkur loyihalar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan emas, davlat-xususiy sheriklik mexanizmi asosida amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida bekatlarni modernizatsiya qilish va ularga xizmat ko‘rsatish huquqini olgan xususiy sherik reklama ekranlari, vending apparatlari, quvvatlash stansiyalari hamda boshqa servis xizmatlari orqali investitsiyalarini qaytarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mas’ullarning ta’kidlashicha, bunday yondashuv shahar budjetiga qo‘shimcha yuklama tushirmasdan zamonaviy va texnologik bekatlar infratuzilmasini yaratish imkonini beradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter