Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentdagi issiqxonalar Surxondaryoga ko‘chiriladi

Toshkentdagi issiqxonalar Surxondaryoga ko‘chiriladi

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi qaroriga muvofiq, Toshkent shahri va viloyatida joylashgan issiqxona xo‘jaliklari bosqichma-bosqich Surxondaryo viloyatiga ko‘chiriladi.

Qarorga muvofiq, Surxondaryo viloyatida ko‘chirilayotgan xo‘jaliklar uchun zamonaviy infratuzilma yaratiladi hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi. Shu bilan birga, Toshkent viloyatidagi issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish bosqichma-bosqich to‘xtatiladi. Bu jarayon belgilangan muddatlar asosida amalga oshiriladi.

2026-yil 1-iyundan boshlab Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida ko‘mir va mazut kabi ekologik zararli yoqilg‘ilardan foydalanadigan yangi issiqxonalarni tashkil etish taqiqlanadi.

2026-yil 1-avgustdan esa ushbu hududlardagi issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi. Amaldagi shartnomalar gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan bekor qilinadi.

Bundan tashqari, issiqxonalar tomonidan iste’mol qilinadigan suv resurslari uchun to‘lovlar sanoat korxonalari uchun belgilangan eng yuqori tariflarning besh baravarida hisoblanadi. Soliq siyosati ham qat’iylashtirilib, yer va mol-mulk solig‘i 10 baravar oshirilgan koeffitsiyentlarda qo‘llanadi.

Ushbu qarorga ko‘ra, Toshkent shahri va viloyatida issiqxonalar ko‘chirilgandan keyin bo‘shaydigan yer maydonlari qayta yo‘naltiriladi. Ularda intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik va ko‘chatchilikni rivojlantirish yoki «yashil bog‘lar» tashkil etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, davlat mulki bo‘lgan va ijaraga berilgan yerlarda issiqxona faoliyati to‘xtatiladi hamda bu hududlarda kapital qurilish ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi. Surxondaryo viloyatiga ko‘chiriladigan tadbirkorlar uchun esa «Surxon-Agro» dasturi doirasida imtiyozlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring