Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp Suriya borasida kutilmagan qaror qabul qildi

Tramp Suriya borasida kutilmagan qaror qabul qildi

Tramp va Ash-Shar’a Ar-Riyodda uchrashishi kutilmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp Suriyaga nisbatan Vashington tomonidan joriy etilgan barcha sanksiyalarni bekor qilganini ma’lum qildi. AQSh rahbari bu haqda 13-may kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan investitsiya forumida bayonot bergan.

«Men Suriya yana buyuklikka erishishi uchun unga nisbatan joriy etilgan barcha sanksiyalarni bekor qilish haqida farmon beraman. Endi ularning davri keldi. Biz barcha cheklovlarni olib tashlaymiz. Omad senga, Suriya! Bizga aql bovar qilmas natijalar namoyish etinglar!», — dedi Tramp.

AQSh prezidenti bu qarorga Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan muloqotdan keyin kelganini bildirgan.

Suriyaga Bashar Asad rejimi davrida AQSh hamda Yevropa davlatlari tomonidan joriy etilgan sanksiyalar mamlakatni jahon moliyaviy tizimidan uzib tashlagan, qashshoqlik va iqtisodiy bo‘hronni yanada kuchaytirgan edi.

Suriya rahbariyati sanksiyalarning bekor qilinishini tarixiy qaror deya olqishlagan.

Euronews xabariga ko‘ra, Tramp bugun, 14-may kuni Ar-Riyod shahrida Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a bilan qisqa muddatli uchrashuv o‘tkazishi mumkin.

So‘nggi hodisalar yaqingacha Eron, Shimoliy Koreya, Kuba, Rossiya kabi eng ko‘p sanksiyalarga uchragan davlatlar safida bo‘lgan Suriya uchun porloq istiqbol ochilayotganidan dalolat beradi.

Avval xabar berganimizdek, Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a Donald Trampga sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha bitim taklif qilgan, xususan, Suriyaning neft va gaz manbalarini tasarruf etishga da’vat qilgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, «Hay’at tahrir ash-Shom» guruhi 2024 yil 8 dekabr kuni Bashar Asad hokimiyati ag‘darilishida muhim o‘rin tutgan edi. Shundan keyin Ahmad ash-Shar’a Suriyaning amaldagi yetakchisiga aylandi.

Trampning Saudiya tuprog‘ida Ash-Shar’a bilan uchrashishi muqaddam terrorchilar ro‘yxatida bo‘lgan Suriya rahbarining hokimiyati to‘laqonli legitimlashishini ham anglatadi.

Suriyaga qarshi sanksiyalarning bekor qilinishi mintaqa davlatlaridan Isroilga xush kelmasligi tayin.

Ma’lumki, Damashqda hokimiyat almashishi bilan Isroil armiyasi Jo‘lon tepaligi osha Suriyaga hududiga kirdi. Asad rejimi qulashi ortidan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Suriya bilan 1974-yilda imzolangan bitim ham o‘z kuchini yo‘qotganini iddao qildi va o‘z harbiylariga Suriya bilan chegara hududi va uni nazorat qiluvchi pozitsiyalarni egallashni buyurdi.

Isroil so‘nggi oylarda Suriya bo‘ylab o‘nlab aviazarbalar berdi.

Tahlilchilar Isroil vaziyatdan foydalanib Suriyani yanada zaiflashtirishga urinmoqda deb hisoblaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring