Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jazoir elchisi O‘zbekiston bilan hamkorlik holatini baholadi

Jazoir elchisi O‘zbekiston bilan hamkorlik holatini baholadi

Jazoir va O‘zbekiston o‘rtasidagi birodarlik va hamkorlik aloqalari yuksak darajaga ko‘tarildi, ayni chog‘da, hali foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud, deydi Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Irqiy.

Toshkentda Jazoir milliy bayrami — Inqilob kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda nutq so‘zlagan diplomat O‘zbekistondagi kechayotgan islohotlar yuzasidan ham fikr bildirdi.

«Jazoir prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari rahnamoligida O‘zbekistonda yuz berayotgan ulkan o‘zgarishlar va keng qamrovli dinamik taraqqiyotni katta e’tibor va hayrat bilan kuzatib bormoqda. Ushbu islohotlar jarayonida qardosh o‘zbek xalqining erkinlikdan, demokratiya va ijtimoiy adolatdan, shuningdek, farovonlik va gullab-yashnashdan bahramand bo‘ladigan Yangi O‘zbekiston barpo etilmoqda», — dedi Muhammad Irqiy.

Elchi yaqinda Samarqand shahrida o‘tkazilgan YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini ulkan madaniy ahamiyatga ega hodisa deb atadi.

«2025-yil 30-oktyabrdan 13-noyabrgacha bo‘lib o‘tgan ushbu konferensiyaning YuNESKOning Parijdagi bosh qarorgohidan tashqarida o‘tkazilishi tarixiy voqea bo‘ldi. Bu O‘zbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi o‘rni va samarali ishlari hamda Samarqandning tarixiy ahamiyati, madaniy merosi va uning ilm-fan va insoniyatga qo‘shgan hissasining tan olinishi sifatida qabul qilindi», — dedi diplomat.

Joriy yilda ikki davlat o‘rtasidagi muloqotlar yanada faollashdi. Jumladan, aprel oyida Parlamentlararo ittifoq assambleyasi doirasida yurtimizga Jazoir Milliy xalq assambleyasi raisi Brahim Bugali tashrif buyurdi va Oliy Majlis palatalari raislari bilan uchrashdi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov sentyabr oyida Nyu-Yorkda, BTM Bosh assambleyasi yig‘ilishlari doirasida jazoirlik hamkasbi Ahmad Attaf bilan muzokara o‘tkazdi.

Elchining ma’lum qilishicha, ikki davlat siyosiy maslahatlashuvlar qo‘mitasi yil oxirigacha Jazoirda o‘zining uchinchi majlisini o‘tkazishi kutilmoqda.

Jazoir 1991-yilda O‘zbekistonning mustaqilligini tan olgan ilk davlatlardan biri bo‘lgan va 1992 yilda o‘zaro diplomatik aloqalar o‘rnatilgan.

«Jazoir 1993-yilda Toshkentda o‘z elchixonasini ochgan birinchi arab davlati bo‘lgan. Bugungi kunda O‘zbekistonning Jazoirda doimiy elchixonasini ochishi bilan bog‘liq umidlarimiz bor», — dedi Muhammad Irqiy.

Diplomatning ta’kidlashicha, Jazoir va O‘zbekistonning «siyosiy iroda va ulkan imkoniyatlarga asoslangan ikki tomonlama hamkorlik darajasi hali to‘liq amalga oshirilgan emas».

Ma’lumot o‘rnida: 1830-yili Jazoirga fransuz mustamlakachilari bostirib kirgan. 1920-30-yillarda mamlakatda milliy ozodlik harakati kuchaygan. 1945-yilda ro‘y bergan dastlabki qo‘zg‘olon bostirilgan. 1954-yil 1-noyabrda esa milliy ozodlik fronti tashkil etilgan. Shu tariqa milliy ozodlik yo‘lida qariyb 8 yilga cho‘zilgan kurash boshlangan. 1962-yil 5-iyulda Jazoir mustaqillikka erishgan.

Jazoir xalqi ozodlikka erishish va suverenitetini tiklash uchun 132 yil davomida mustamlakachilarga qarshi kurashgan.

«1-noyabr inqilobi Jazoir xalqining hayotida hal qiluvchi bosqich bo‘ldi, u bir asrdan ortiq  davom etgan zulm va mustamlakachilik davriga yakun yasadi. Inqilob nafaqat Jazoir, balki boshqa ko‘plab mustamlaka bo‘lgan xalqlar uchun ham ozodlik va mustaqillikka erishish yo‘lida yorug‘lik sochgan bir mash’alaga aylandi», — dedi elchi Muhammad Irqiy.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring