Ilk bor 2,4 mlrd dollarlik davlat aktivlarining 30 foizi xalqaro bozorga chiqadi – Prezident
Bugun, 24-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida iqtisodiy ko‘rsatkichlar va yangi tashabbuslar muhokama qilinmoqda.
Davlat rahbariga ko‘ra, may oyida 2 milliard 400 million dollarlik davlat aktivlarining 30 foizi ilk bor xalqaro fond bozorlariga chiqariladi.
«Bu Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil qilib, 13 ta strategik korxona boshqaruvini nufuzli «Franklin Templeton» kompaniyasiga berganimiz uchun bo‘lyapti», – dedi Prezident.
Yig‘ilishda birinchi chorak natijalari ham ma’lum qilindi. YaIM 8,7 foizga, sanoat 8 foizga, xizmatlar 16,1 foizga o‘sgan. Eksport hajmi 5,8 milliard dollarga, xorijiy investitsiyalar 13,7 milliard dollarga yetgan. Inflyasiya esa yillik hisobda ilk bor 7,1 foizgacha pasaygan.
Shu bilan birga, budjet daromadlari 35 foizga o‘sib, 103 trillion so‘mni tashkil etgan. Mahalliy budjetlarda qo‘shimcha 2,2 trillion so‘m shakllangan bo‘lib, uning 1,4 trillioni tuman va shaharlar ixtiyorida qolgan.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti xalqaro darajada ham ijobiy baholanmoqda. Xususan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisobotida O‘zbekiston yuqori iqtisodiy faollik orqali barqaror o‘sishni saqlab qolayotgani qayd etilgan.
Shuningdek, mamlakat ilk bor «Iqtisodiy erkinlik indeksi»da «iqtisodiyoti mo‘tadil erkin» davlatlar qatoriga kirdi. Prezident ayrim sohalarda samaradorlik pastligini tanqid qilib, «ayrimlar hali ham uyg‘onmagan»ini ta’kidladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter