Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Karim Bahriyev nega Islom Karimovga maddohlik qilmadi?..

Karim Bahriyev nega Islom Karimovga maddohlik qilmadi?..

Kecha atoqli jurnalist, shoir va tarjimon Karim Bahriyev 63 yoshida og‘ir xastalik sabab vafot etdi.

Karim Bahriyev o‘z davrida parlament deputati, mamlakatimizdagi ilk mustaqil gazeta bosh muharriri, media sohasi eksperti sifatida siyosiy islohotlar, so‘z va matbuot erkinligi ro‘yobi yo‘lida kurashgan, demokratik yangilanish jabhasida jonbozlik ko‘rsatgan edi.

Xabar.uz tahririyati ham so‘nggi yillarda Karim Bahriyevning dolzarb mavzulardagi materiallarini chop etgan edi. 

Quyidagi marhum ijodkorning ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan maqola va suhbatlaridan saralab olingan mulohaza, mushohadalari o‘quvchilarimiz hukmiga havola etilmoqda.

* * *

Biz boshdan kechirayotgan davrning o‘ziga xosligi shundaki, jamiyatda yangi islohotlar tarafdorlari va hammasini avvalgi holiga qaytarish harakatidagi eski kuchlar kurashmoqda. Bu eski kuchlar pastdan to eng yuqorigacha mavjuddir. Gazetalarda yana o‘sha «ura-ura» materiallar ko‘payib qolgani, saytlardan ayrim materiallarni imi-jimida olib qo‘yish holatlari shundan dalolatdir.

* * *

Men Amerikaning buyuk shoiralari Emili Dikinson va Edna Sent-Vinsent Milleyning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilganman. Dikinsonning «Qari qiz» nomli she’ri bor. Shu she’rdagi obrazlar silsilasiga qarasangiz, «Qari qizning eri qabr. Qari qiz erini juda uzoq kutadi va go‘riga gulchambar ham taqdim qiladi», deydi. Qarang, qanday kutilmagan obraz, kutilmagan o‘xshatish. Millat o‘sha qari qiz holiga tushib qolmasligi kerak. Renessans ertaga bo‘ladi deb, kutib yashamasligi kerak. Bugun harakat qilish kerak.

* * *

OAVga egalik qiladigan shaxs biznesmen yoki mafiya bo‘lsa, bu yomon emas. Biz istaganimiz, har qanday boy, mafiya, shaxs o‘z gazetasini qila olsin. Agar o‘sha boy yoki mafiya o‘z OAVida kimgadir qarshi maqola chiqarsa, ikkinchi tomon ham o‘z ommaviy axborot vositasi orqali unga javob berish imkoniyatiga ega bo‘lsin. Agar kimdir sizni urishsa, tanqid qisa, sizda unga javob beradigan minbar bo‘lmasa, bu so‘z erkinligi uchun katta fojia. Men turfa xil gazeta va saytlar bo‘lishi tarafdoriman. Faqat ular yagona qonun asosida ishlashi kerak. Davlatga tegishli OAV bilganini qilib, tanqidiy yozadigan xususiy OAV taqiqqa uchrasa, buning oqibati yaxshi bo‘lmaydi.

* * *

Agar insonda erkin gapirish huquqi bo‘lmasa, qolgan huquqlar ham amalga oshmaydi. Mamlakatda so‘z erkinligida ortga qaytilsa, qolgan huquqlar haqida o‘ylamasa ham bo‘ladi

* * *

Nega bizda avtomobil narxi, havo yo‘llari yoki temir yo‘llarda xizmat ko‘rsatish narxi qimmat deymiz? Chunki monopol tashkilot pulni o‘z cho‘ntagidan ishlatmaydi. U xalqaro bozorda ham narxlar uchun talashmaydi. Qaytanga pul ishlash uchun mahsulot narxini qimmat ko‘rsatadi. Chunki o‘sha pulning bir qismini u o‘ziga qaytarib oladi.

* * *

Demokratiya va inson huquqlari — birbutun universal tizimdir: uning unsurlarini oldinma-keyin joriy etib bo‘lmaydi; bu chala homiladorlikdek gap. Masalan, so‘z erkinligini muayyan mavzularga tatbiq qilib, boshqasini tilga oldirmaslik o‘sha daxlsiz sohaning barbod bo‘lishiga olib keladi.

* * *

Demokratiya — G‘arb tafakkuri mahsuli, degan fikr xuddi Mag‘rib va Mashriqni ayro tasavvur etish kabi nisbiydir. XX asrda aksar demokratik davlatlar G‘arb deb atalmish hududlarda bo‘lgani bois shunday qarash yoyildi. Demokratiya so‘zi ham, o‘zi ham qadimgi yunonlardan keladi. Hokimiyat taqsimlanishi tamoyili esa G‘azzoliyning «Kimyoi saodat»i va «Ihyou ulumiddin»idayoq ma’lum ma’noda aks etgan. «Demokratiya — G‘arbniki» degan fikr eskirdi. Jahonning kuchli demokratik davlatlari bugun Sharqda.

* * *

Nazarimda, «demokratiyaga tayyor emasmiz» degan da’vo xalq moli va mehnatini bebiliska istifoda etishni ko‘zlaganlarning bahonasidir. Hayotiy misol keltirsam: mashina haydashni o‘rganish uchun ulovga o‘tirish, chambarakni tutib, yo‘l yurib ko‘rish kerak bo‘ladi. Xalq ham demokratiyaga o‘rganishi uchun o‘sha muhitda yashay boshlamog‘i darkor. Deylik, hokimlarni saylash yo‘lga qo‘yilsa, dastavval ayrim nomzodlarni tanlashda xatolar bo‘lar, lekin xalq albatta buni ham o‘rganadi.

* * *

Odamzod erkinliksiz saodatmand hayot kechirishi mumkin emas. Bu — hayvoniy, nafsoniy saodatdir, aslo insoniy emas!

* * *

So‘z erkinligi — zolim tuzumning dushmanidir, u adolatsiz tartibotni qulatadi. So‘z erkinligi — odil davlatning do‘stidir. Adolatli tuzumlar so‘z erkinligidan qo‘rqmaydi, rost so‘zlaganlarni qatag‘on qilmoqqa zarurat ham bo‘lmaydi.

* * *

Inson rost so‘zni aytmog‘i kerak. Biz miyasi va zaboni bor xilqat, tili va madaniyati bor millat vakili sifatida million yillardan beri mavjud bo‘lgan va yana ehtimol million yillar davom etadigan bu dunyo hayotida oldingilar ko‘rmagan, keyingilar ham ko‘rmaydigan bir davrning shohidi ekanimizni teran mushohada etmog‘imiz darkor. Nodirai davronning «Maqsad na edi jahona kelding? / Kayfiyatini bayon etib ket» degan da’vatini eslang.

* * *

Meni deputatlikka o‘zim o‘qigan maktab jamoasi fuqarolarining tashabbuskor guruhlari tomonidan deputatlikka nomzod ko‘rsatish huquqi asosida nomzod qilib ko‘rsatishgan. O‘ylashimcha, bu huquqning keyinchalik qonunlardan olib tashlangani xato bo‘lgan...

 

Yaqinda ham menga deputatlik uchun takliflar bo‘ldi. Lekin hozirgi deputatlarga talab juda katta. Odamlarning biror muammosi chiqsa, deputat ham o‘sha yerga chopishi kerak. Men bu yoshda har bir uyga chopib yurolmayman. Ijodkor, shoir va yozuvchi uchun deputatlik umrning muayyan qismini oladi. Umr qanchaligini esa bilmaymiz. Shuning uchun menga hozir siyosat kerak emas.

* * *

Odam hayoti davomida doim rejalar qiladi. Ertaga uni qilaman, buni tuzataman, indinga buni tuzataman, faqat falon narsa menga xalaqit qilyapti, deydi. Falonchi oyog‘imda chalmaganda bunday bo‘lardi, deya afsuslanadi. Lekin aslida insonning umri o‘sha to‘siqlardan iborat-ku. Ya’ni biz aylanib o‘tib ketamiz degan to‘siqlar, kurashlarimiz asl hayotimizni tashkil qiladi.

* * *

Ayolim siz juda go‘zal yozasiz, Islom Karimovni ham vaqtida maqtab yozganingizda hozir vazir yoki vazir o‘rinbosari bo‘lib yurardingiz, degan gapni ko‘p aytgan. To‘g‘ri, maqtay olardim, juda go‘zal maqtay olardim, lekin Xudodan qo‘rqaman. Sha’nimni asrashim kerak. Mansabni davlat beradi, kerak payti oladi. Lekin martabani xalq beradi. Sizning sha’n va obro‘yingiz odamlar qalbidagi obrazingizdir.

* * *

Xalq irodasi aks etmog‘i uchun parlament tarkibi elektorat, ya’ni saylovchilarning istaklariga uyg‘un kelishi kerak. Bu asosan partiyalar vositasida amalga oshiriladi. Xalq orasida biznesmenlar ko‘p bo‘lsa, qonunchilik idorasida tadbirkorlar yetakchilik qiladi; dehqonlar ko‘p bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi vakillari ustun keladi; milliyatchilik kayfiyati kuchli bo‘lsa, milliy harakat tamsilchilari asosiy o‘rin egallaydi. Saylov qancha erkin bo‘lsa, parlamentda xalq irodasi shu qadar aniq aks etadi. O‘z istaklari parlamentning yuksak minbarida aks sado berayotgani, uning manfaatlariga mos qonun-qarorlar qabul qilinayotganiga ishonch hosil qilgan xalq norozilik namoyishiga chiqmaydi. Demak, risoladagi parlament tinchlik va barqarorlikka ham zamin hozirlaydi. Aks holda, dardi ichida qolgan olomon tahlikalidir.

* * *

Saylovni bir kun yoki uch oy (nomzod ilgari surishdan ovoz berishgacha) deb o‘ylash xatodir. Aslida, ovoz berish o‘tgach, besh yildan so‘ng bo‘ladigan keyingi saylov mavsumi boshlanadi. Demak, elektorat ishonch bildirgan vakillarining so‘ziyu amalini baholab borishi, ko‘rib-kuzatib yangi nomzodlarni tanlashi kerak. Munosib nomzod lop etib saylov kunida chiqmaydi, u yillar bo‘yi tarbiyalanadi.

* * *

Deputatlar xalq ichidan yetishib chiqishi kerak. Hozirgilarning tarjimai holiga qarasangiz, aksari ijroiya hokimiyati yoki boshqa davlat idorasidan kelganini ko‘rasiz. Demak, vakolat muddati tugasa, yana amaldor bo‘lish ehtimoli katta. Shuning uchun ular xalqqa emas, mansabdorlarga yoqadigan qarorlar qabul qilish, yiqiladigan yeriga somon to‘shab qo‘yishni ma’qul ko‘radi.

* * *

Korrupsiya katta-kichik davlat amaldori ishtirok etgan jinoyat ekani, aynan shunisi bilan kissavurlik yoki firibgarlikdan farq qilishini hisobga olsak, faqat mansabdorlardan iborat komissiya bilan unga qarshi samarali kurashib bo‘lmaydi. Takror bo‘lsa-da aytaman, korrupsiyaga barham berish uchun mansabdorlarga pul ajratish — piyonistalarga ichkilikbozlikni tugatish uchun araq ajratish bilan barobardir. Chunki davlat mablag‘i korrupsion sxemalar orqali talon-toroj etib yuborilmasligiga kafolat yo‘q. Korrupsiyani jamiyat va jamoat nazoratisiz, odil sudlov va huquq-tartibot tizimisiz, erkin ommaviy axborot vositalari hamda jasur va halol fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokisiz yengish amrimahol.

* * *

Oxirgi yigirma yilda 5 ming 500 kutubxonaning yo‘q bo‘lib ketgani — katta fojiadir. Biz xorijni tanqid qilamiz, ammo u yerlarda minglab kutubxonalar ishlayotir, avtobus bekatlariyu xiyobonlarda ham mo‘’jaz kutubxonalar, ko‘chma kitob do‘konlari tashkil qilingan. Ajnabiy millatlar kelajak kitobga bog‘liq ekanini teran anglaganda biz nega befarqmiz?

Bizda ham kutubxonalar tiklanishi, vaqt sinovidan o‘tgan ilmiy, badiiy kitoblar, gazeta-jurnallar har bir maktab kutubxonasiga yetkazilishi lozim. Qolaversa, boy elektron baza shakllantirilishi kerak. Toki yoshlar jahonda chop etilayotgan yangi adabiyotlarni planshet va smartfonida o‘qib borsin. Bunga mablag‘ topish imkoni bormi? Bor, albatta. Deylik, haligacha yasama ko‘tarinkilikdan qutulolmayotgan davlat telekanallari hamda dabdabali tadbirlarga ajratilayotgan mablag‘ning bir qismini kitob sohasiga yo‘naltirish mumkin.

* * *

Chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmaydi, degan maqol bor xalqimizda. Kasbimizda haqiqatni yozish kerak... Hech bo‘lmasa yolg‘on gapirmaslik kerak. Lekin jurnalistga ma’lum ma’noda yozadigan maydon qolishi kerak. Haqorat va tuhmat jinoyatlarini jinoyat ishlaridan olib Fuqarolik kodeksiga o‘tkazish kerak. Haqorat va tuhmat uchun gazeta jarimaga tortilsin, jurnalist ham jarima to‘lasin. Lekin qamalmasin. Agar u qamalsa, boshqa jurnalist yozmay qo‘yadi. U qamaldi-ku, to‘xta, men jim yuray degan fikrga keladi.

* * *

Abdulla Qahhordan bir vaqtlar bir katta amaldor yozuvchi «Meni ham yozing bir maqtab», deb so‘raganida, Abdulla Qahhor unga «Siz yozuvchisiz, xo‘rozqand emassiz... Asarlaringizni o‘zi himoya qiladi», degan ekan. Bo‘layotgan ishlarni yolg‘ondan maqtasak hech kim ishonmaydi. Haqiqatdan bo‘layotganni yozish kerak. Adabiyot, kino, teatr odamlarni balki tarbiyalar. Lekin matbuot tarbiyalaydi, deb aytmaslik kerak. Matbuot tezkor xabar yetkazishi kerak.

* * *

Garchand bugun dunyo yaxshi yashash ilinjida shoshilib yashayotgandek ko‘rinsa-da, uning biroz to‘xtashga, o‘ylanishga, tafakkur qilishga ehtiyoji bor. Insonni hayvondan ajratib turadigan narsa — fikratdir.

* * *

Mamlakatda korrupsiyaga, ko‘zbo‘yamachiliklarga, ma’muriy-buyruqbozlik tizimi va iqtisodiga, monopoliyalar va byurokratiyaga qarshi qattiq kurash boshlangan va bugungi vaziyatdan foydalanib asta-sekin boshini ko‘tarayotgan, so‘z erkinligini bo‘g‘ish, yana hammayoqni gulzor etib tasvirlashga urinayotgan, haybarakallachilik soyasida suiiste’molchiliklar qilishga urinayotgan eski tuzumdan qolgan illattashirlarga murosa qilish mumkin emas.

* * *

Tanqid hech kimga yoqmasligi kunday ravshan. Ammo jurnalistdan hamma ko‘proq tanqidni kutadi. Aslida tanqid kimga ko‘proq kerak: jurnalistgami, u chiqayotgan nashrgami yoki jamiyatga? Tanqid — agar tuzum huquq ustuvor bo‘lgan, adolatli va demokratik bo‘lsa, hamma uchun foydalidir.

* * *

Men adabiyotda ham, fanda ham, ijtimoiy hayotning boshqa sohalarida ham bir narsani qabul qilolmadim. Bizda bag‘rikenglik yetishmaydi, buyuk maslaklar yo‘lida birlashish noyobdir, ammo mayda manfaatlar, mahalliychilik, tarafkashlik asnosida birlashish, to‘dalashish, olomonlashish an’anasi kuchlidir. Bu narsa ustoz-shogirdlikka ham, afsuski, soya soladi. Biror kimsani ustoz deya etagidan tutsang, uning raqiblari seni ham talaydi, falon domlaning shogirdi, deb kun bermaydi. Bu bir sabab bo‘lsa, o‘zimning uzlatga moyilligim yana bir sabab bo‘lib, men biror-bir muayyan to‘daga qo‘shilmadim, biror bir ustozning tevragida parvona bo‘lganim yo‘q. …Shularni ko‘rib, men biror to‘daga kirmadim va bir do‘stimiz men haqda maqolasini «yolg‘iz bo‘ri» deb nomlaganda haqdir.

* * *

Hayotga o‘n qayta kelsam ham shu taxlit yashardim, «el qatori», jimgina umrguzaronlik qilolmayman.

* * *

Inson o‘zini mudom hali-veri o‘lmaydiganday tutadi. Bir donishmand ayol «Umrimning to‘rtdan uch qismini «Hali hammasi oldinda! Hali hammasi yaxshi bo‘lib ketadi» deb o‘tkazib yuboribman» degan edi nadomat ila. Shoir Bulat Okujava esa «Mana, kun ham o‘tdi... O‘tar umr ham. Tuproqqa tusharmiz bargixazonday...», deb yozadi. Ayrim narsalarni hozir mavridi emas deb, aytmay yuramiz. Xoliqi olam umr chirog‘imizni shamni shamol o‘chirgandek nogoh so‘ndirsa-chi?..

* * *

Bizga uyalib, qo‘rqib yoxud ayab aytilmagan gaplar baribir ortimizdan baralla so‘zlanadi — ammo izoh-tushuntirish bermoq imkonimiz bo‘lmaydi u mahal. Shuning uchun rost so‘zimizni bugun aytib ketganimiz ma’quldir!..

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring