Pasxa oroli siri: Tamaddun halokatiga aslida nima sabab bo‘lgan?
Pasxa orolidagi jamiyatning tanazzulga yuz tutishi nafaqat aholining xo‘jalik faoliyati, balki uzoq davom etgan qurg‘oqchilik bilan ham bog‘liq. Shunday xulosaga kelgan Kolumbiya iqlim maktabi mutaxassislari o‘z tadqiqotlari natijalarini Communications Earth & Environment jurnalida chop etishdi.
Uzoq vaqt davomida orol tarixi o‘z-o‘zini vayron qilish namunasi sifatida ko‘rib kelingan. Orolliklar o‘rmonlarni yoppasiga kesib yo‘q qilgan, resurslarni tugatgan va ichki mojarolarni keltirib chiqargan, deb hisoblanardi. Yangi tadqiqot esa boshqa bir omilga — XVI asrda yog‘ingarchilikning keskin kamayishiga ishora qilmoqda.
Olimlar Rano-Aroy botig‘idagi botqoqliklar va Rano-Kao ko‘lining tubidagi yotqiziq namunalarini o‘rganishdi. Bu safar an’anaviy tahlildan chekinilib, o‘rniga qadimiy o‘simliklar barglaridagi mumsimon qatlam o‘rganildi. Og‘ir va yengil vodorodning nisbati harorat tebranishlari va inson omili ta’sirisiz oxirgi 800 yildagi yog‘ingarchilik darajasini aniqlash imkonini berdi.
Ma’lumotlar ko‘rsatishicha, 1550-yillar atrofida yog‘in miqdori avvalgi uch asrga nisbatan yiliga 600–800 millimetrga kamaygan. Chuchuk suv zaxiralari cheklangan hudud uchun bu jiddiy taqchillikni yuzaga keltirgan.
Qurg‘oqchilik davri ijtimoiy tuzilmadagi o‘zgarishlar bilan mos keladi. Shu davrda axu platformalarini (Pasxa orolidagi mashhur tosh haykallar (moai) o‘rnatiladigan maxsus muqaddas tosh platformalar) qurish pasaygan. Rano-Kao ko‘li marosimlar markaziga aylangan. Hokimiyatning meros bo‘lib o‘tishi o‘z o‘rnini musobaqaga asoslangan «Tangata-manu» — «qush-odam» tizimiga bo‘shatib bergan va yetakchilik musobaqalar orqali aniqlangan.
Loyiha rahbari Redmond Steynning ta’kidlashicha, tadqiqotdan maqsad yangi soddalashtirilgan talqinni yaratish emas, balki avvalgi xulosalarni qayta ko‘rib chiqish bo‘ldi. O‘rmonlar haqiqatan ham yo‘qolgan, biroq jamiyat bir vaqtning o‘zida suv yetishmovchiligi, tuproq yemirilishi va o‘simlik qoplamining o‘zgarishi kabi muammolarga duch kelgan. Bu jarayonlar aholini turmush tarzini o‘zgartirishga va kam sonli suv havzalari atrofida to‘planishga majbur qilgan.
Orol tashqi dunyodan olisda joylashgan, bu uni Tinch okeanining janubi-sharqiy qismi uchun muhim iqlim ma’lumotlari manbaiga aylantiradi. Hozirda mutaxassislar mintaqa iqlim tizimidagi uzoq davr mobaynidagi o‘zgarishlarni o‘rganish uchun Rano-Aroydan olingan 50 ming yilgacha tarixga ega yanada qadimiy namunalarni tahlil qilishmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter