Siz oilada nechanchi farzandsiz? Tadqiqotlar kutilmagan natijani ko‘rsatdi
AQSh, Xitoy va Daniya olimlari tomonidan NBER (Milliy iqtisodiy tadqiqotlar byurosi) ma’ruzasida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, «to‘ng‘ich farzand fenomeni» shunchaki faraz emas, balki aniq ilmiy faktdir.
Chindan ham, statistik ma’lumotlar oilaning birinchi farzandi o‘qishda, IQ darajasi va kelajakdagi daromadlari bo‘yicha yuqoriroq ko‘rsatkichlarni namoyish etishini tasdiqlaydi. Xo‘sh, buning sababi nimada? Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, gap to‘ng‘ich farzandning «maxsus genlari»da emas, balki u ulg‘ayadigan o‘ziga xos muhit va ota-ona e’tiborining taqsimlanishidadir.
O‘n yillar mobaynida to‘plangan ma’lumotlar tahlili oiladagi farzandlar o‘rtasidagi tengsizlikning «aybsiz aybdori» qilib o‘ziga xos «biologik kurer» vazifasini bajaruvchi to‘ng‘ich farzandni ko‘rsatdi... Tadqiqotchilarga ko‘ra, to‘ng‘ichlar bog‘cha yoki maktabdan turli infeksiyalarni olib kelib, hali immuniteti shakllanib ulgurmagan kichik yoshli uka-singillarini zararlaydilar.
Ushbu fikrni tasdiqlash uchun Daniya bo‘yicha olingan raqamlar ko‘rsatildi: ikkinchi farzandlar hayotining birinchi yilida og‘ir respirator kasalliklar bilan to‘ng‘ichlarga qaraganda 2-3 baravar ko‘proq shifoxonaga tushadilar. Go‘daklik davridagi bunday sog‘liq bilan bog‘liq zarbalarning oqibatlari uzoq vaqt saqlanib qoladi: organizm energiyani miya rivojlanishiga yo‘naltirish o‘rniga, bor resurslarini infeksiya va yallig‘lanishga qarshi kurashishga sarflaydi.
Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, aynan mana shu «mikrob omili» bir oiladagi farzandlarning kelajakdagi daromadlari o‘rtasidagi farqning qariyb yarmini tushuntirib beradi. Qolgan qismi esa, katta ehtimol bilan, ota-onalarning xatti-harakati, oiladagi muhitga bog‘liq.
AQShdagi vaqtdan foydalanish bo‘yicha ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, bolalik davri davomida to‘ng‘ich farzandlar kichiklariga qaraganda kuniga 20-30 daqiqa ko‘proq sifatli vaqt (e’tibor) olar ekan. To‘ng‘ichlar bu o‘ta muhim ilk yillarda ko‘proq intellektual rag‘bat oladi. Sodda qilib aytganda: birinchi farzand ota-onasining diqqat-e’tibori eng yuqori va bola miyasi ma’lumotni qabul qilishga eng tayyor bo‘lgan mahsuldor soatlarni «egallab olishga» ulguradi. Kichiklarga esa ko‘pincha charchagan va vaqtining katta qismini bolaning shunchaki qorni to‘q, usti toza bo‘lishi hamda vaqtida uxlashiga sarflaydigan ota-onalar «nasib qiladi».


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter