O‘zbekistonda oliy ta’limga kirish va talabalar soni rekord darajaga yetdi
2025/2026-o‘quv yilida O‘zbekistondagi oliy ta’lim tashkilotlariga 409,7 ming nafar talaba qabul qilindi. Bu avvalgi o‘quv yiliga nisbatan 28 ming nafarga yoki 7,3 foizga ko‘pdir.
Qabul qilinganlarning 226,8 ming nafari qizlar, 182,9 ming nafari o‘g‘il bolalar bo‘ldi. Natijada qizlarning ulushi 55,4 foizni tashkil etdi.
2023/2024-o‘quv yilidan buyon oliy ta’limga qabul qilinayotgan qizlar soni yigitlar sonidan yuqori bo‘lib kelmoqda. Joriy yilda qizlar qabuli 15,3 foizga oshgan bo‘lsa, o‘g‘il bolalar qabuli 1,1 foizga kamaygan.
Magistraturaga qabul oshdi
Ma’lumotlarga ko‘ra, magistraturaga qabul qilinganlar soni bir yil ichida 21,6 ming nafardan 36,8 ming nafarga yetgan. Bu 70,4 foizlik o‘sish degani. Magistraturaning umumiy qabuldagi ulushi ham 5,7 foizdan 9 foizga ko‘tarildi.
Hududlar kesimida eng ko‘p talaba quyidagi hududlarda qabul qilingan:
Toshkent — 174 ming nafar;
Buxoro viloyati — 46,6 ming nafar;
Farg‘ona viloyati — 26,9 ming nafar.
Eng past ko‘rsatkichlar esa:
Sirdaryo viloyati — 5,2 ming nafar;
Jizzax viloyati — 6,3 ming nafar;
Navoiy viloyati — 9,2 ming nafar.
Talabalar soni
2025/2026-o‘quv yili boshiga respublikadagi jami talabalar soni 1 million 535 ming nafarga yetdi. Bu bir yil avvalgiga nisbatan 102,2 ming nafarga yoki 7,1 foizga ko‘p.
Talabalar tarkibida:
qizlar — 782,9 ming nafar (51 foiz);
o‘g‘il bolalar — 752,1 ming nafar (49 foiz).
Bu esa oliy ta’limda ayollar ulushi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
2025-yilda oliy ta’lim muassasalarini 225,9 ming nafar talaba tamomladi. Bu 2024-yilga nisbatan 7 foiz ko‘pdir. Eng ko‘p bitiruvchilar:
Toshkent — 74,2 ming nafar;
Samarqand viloyati — 20,2 ming nafar;
Farg‘ona viloyati — 16 ming nafar.
So‘nggi besh yilda oliy ta’limga qabul qilinganlar soni 235,9 ming nafardan 409,7 ming nafarga yetib, qariyb 74 foizga oshdi. Ayniqsa, qizlar ulushining ko‘payishi, magistratura qabulining keskin o‘sishi va talabalarning umumiy soni 1,5 milliondan oshgani O‘zbekistonda oliy ta’lim qamrovi kengayishda davom etayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, qabul va talabalar sonining katta qismi Toshkent shahrida jamlangani hududlar o‘rtasidagi ta’lim infratuzilmasi tafovutlari saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 215 ta oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan o‘quv yili boshiga nisbatan 7 taga kamaygan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter