Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislari tayyorlashda yangi tizim joriy etiladi

Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislari tayyorlashda yangi tizim joriy etiladi

O‘zbekistonda qishloq va suv xo‘jaligi sohasi uchun muhandis kadrlar tayyorlash tizimi tubdan yangilanmoqda. Bu Prezidentning 2-aprelda qabul qilingan qarorida belgilab berilgan.

Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-maydan «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universitetida ta’lim yangi formatlarda tashkil etiladi. Xususan, dual ta’lim asosida talabalar 6 oy davomida nazariy ta’limdan ajralgan holda amaliy tajriba o‘taydi.

Shuningdek, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida «4+2» shaklidagi amaliyot joriy etilib, u yil davomida nazariy bilimlar bilan uyg‘unlashtiriladi.

Qarorga ko‘ra, universitet professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari hududlarga biriktiriladi. Ular viloyat hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha ilmiy maslahatchisi sifatida faoliyat yuritadi.

Talabalar uchun sayyor darslar amaliyoti ham kengaytiriladi. Ular qishloq va suv xo‘jaligi tashkilotlari hamda «Suvchilar maktabi» bazasida o‘tkaziladi.

Universitetda Istiqbolli loyihalar ofisi tashkil etilishi belgilangan. Shu bilan birga, 2026–2027-o‘quv yilidan maxsus tayyorlov kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Unda STEAM, til bilimlari va akademik yozish kabi yo‘nalishlar qamrab olinadi. Mazkur kurslar bir yillik bo‘lib, xalqaro standartlarga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

2027–2028-o‘quv yilidan maxsus tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tugatgan talabalar universitetga imtihon asosida qabul qilinadi. Bu tizim kadrlar sifatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, universitetga «texnikum–oliygoh» tamoyili asosida Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumi biriktiriladi. Uning negizida yangi fakultet tashkil etiladi.

Bundan tashqari, «Suv diplomatiyasi» magistraturasi «Xalqaro suv diplomatiyasi» yo‘nalishiga aylantirilishi belgilangan. Bitiruvchilarga tegishli malaka berilishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring