Kosmosda sog‘lom avlodlar dunyoga kelishi mumkinmi? (video)
Yaponiyaning Kioto universiteti olimlari Xalqaro kosmik stansiyada 6 oy davomida muzlatilgan holda saqlangan sichqonlarning reproduktiv hujayralaridan sog‘lom avlodlar olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu kashfiyot kelajakda kosmosda sog‘lom avlodlar dunyoga kelishi mumkinligiga umid uyg‘otmoqda.
Olimlarning «kosmik sichqon bolalari»ni olishga muvaffaq bo‘lgani koinotni o‘zlashtirish va uzoq muddatli kosmik parvozlarni amalga oshirish rejalari uchun muhim qadam bo‘lishi mumkin.
Kosmik turizmning rivojlanishi va Mars kabi sayyoralarni tadqiq etish rejalari bilan birga ko‘plab insonlar kelgusi yillarda Yerdan tashqarida ancha ko‘p vaqt o‘tkazishimiz mumkin, deb hisoblamoqda. Biroq bunday uzoq muddatli missiyalar kosmik parvozlarning inson organizmiga salbiy ta’siri tufayli cheklanishi yoki hatto bekor qilinishi mumkin. Masalan, kosmosda uzoq vaqt bo‘lish mushaklar zaiflashishi va suyak zichligining kamayishi kabi jiddiy oqibatlarga olib keladi.
Uzoq muddatli kosmik missiyalarni rejalashtirayotgan olimlarni yana bir masala — kosmik parvozlarning insonning sog‘lom farzand ko‘rish qobiliyatiga ta’siri xavotirga solib keladi.
Shu bois kosmik parvozlar natijasida tuxum hujayrasi va spermatozoidga aylanadigan jinsiy hujayralar qanday o‘zgarishlarga uchrashini o‘rganish muhim. Chunki ushbu hujayralarga yetkazilgan har qanday zarar kelajak avlodlar uchun qaytarib bo‘lmaydigan muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Avvalgi tadqiqotlarda ham jinsiy hujayralar kosmik parvoz sharoitiga duch kelganda turli anomaliyalar paydo bo‘lishi mumkinligi aniqlangan edi. Ammo olimlar bu jarayon qanday kechishini hanuzgacha to‘liq tushunmagan.
Yangi tadqiqot esa ushbu savolga javob izlash jarayonida o‘ziga xos natijaga olib keldi — «kosmik sichqon bolalari» dunyoga keldi.
Hujayralar 6 oy davomida saqlandi, sog‘lom sichqonlar tug‘ildi
Kioto universiteti tadqiqotchilari sichqonlardan olingan hujayralarni ajratib, ularni saqlash maqsadida muzlatdi. Keyin ushbu hujayralar Xalqaro kosmik stansiyaga (XKS) yuborildi va u yerda maxsus muzlatkichda 6 oy davomida saqlandi.
Hujayralar Kiotoga qaytarilgandan so‘ng tadqiqotchilar ularni tekshirib, biror-bir anomaliya paydo bo‘lgan yoki bo‘lmaganini aniqlashga harakat qildi. Biroq tekshiruvlar natijasida jiddiy o‘zgarishlar aniqlanmadi.
Olimlar yanada batafsil tadqiqot o‘tkazish uchun ushbu hujayralarni sichqon organizmiga ko‘chirdi. Keyin sichqonlar juftlashtirildi va natijada ulardan bolalar tug‘ildi.
Tadqiqotchilar tug‘ilgan sichqon bolalari sog‘lom ko‘rinishga ega ekanini va ulardagi genlar odatdagidek ishlayotganini aniqladi.
Shu asosda olimlar muzlatilgan jinsiy hujayralar kosmos sharoitida kamida 6 oy davomida o‘zining ko‘payish qobiliyatini saqlab qolishi mumkin, degan xulosaga kelmoqda.
Tadqiqotning bosh muallifi Mito Kanatsu-Shinoxara kelajakda inson ishtirokidagi kosmik parvozlarda hujayralarni saqlash imkoniyatlarini yaxshiroq tushunish uchun ularni Xalqaro kosmik stansiyada qancha vaqt davomida saqlash mumkinligini aniqlash muhimligini ta’kidladi.
Kosmosda avlod qoldirish imkoniyati o‘rganilmoqda
Tadqiqot natijalari kelajakda kosmik parvozlar vaqtida insonning reproduktiv hujayralarini ham muzlatilgan holda saqlash mumkin bo‘lishiga ishora qilmoqda.
Biroq olimlar hozircha bu natijalarni insonlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tatbiq etishga shoshilmayapti. Buning uchun qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazilishi zarur.
Xususan, tadqiqotda olingan sichqonlarni ularning butun umri davomida kuzatish, shuningdek, keyingi avlodlarida qandaydir o‘zgarishlar paydo bo‘lish-bo‘lmasligini o‘rganish talab etiladi.
Shundan keyingina kosmik muhitning reproduktiv hujayralarga va kelajak avlod salomatligiga uzoq muddatli ta’siri haqida aniqroq xulosalar chiqarish mumkin bo‘ladi.
Hozircha esa olimlarning tajribasi kosmosda uzoq muddat qolish va kelajakda insonlarning Yerdan tashqarida sog‘lom avlod qoldirishi mumkinmi, degan savolga javob izlashda muhim qadam bo‘lib turibdi.
Barno Meliqulova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter