Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh Yevropa davlatining NATOdagi a’zoligini to‘xtatmoqchi

AQSh Yevropa davlatining NATOdagi a’zoligini to‘xtatmoqchi

NATO bosh qarorgohi.

Foto: Xabar.uz / Sobir Salim

AQSh Eron urushidagi pozitsiyasi sabab Ispaniyaning NATOdagi a’zoligini vaqtincha to‘xtatmoqchi.

OAV xabariga ko‘ra, bu haqda AQSh mudofaa vazirligi tomonidan tarqatilgan elektron maktubda so‘z boradi.

NATO vakili ushbu xabarga munosabat bildirarkan, xalqaro tuzilmaning ta’sis hujjatlarida biror bir a’zo davlatning a’zoligini vaqtincha to‘xtatish yoki uni majburiy ravishda a’zolikdan chiqarish ko‘zda tutilmagani, faqat muayyan davlat o‘z ixtiyoriga ko‘ra alyansni tark etishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Madrid Vashingtonning agressiv siyosatiga ochiq qarshi chiqmoqda. Xabaringiz bor, joriy yil 28 fevral kuni AQSh hamda Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli urush boshladi. Ispaniya o‘z hududidan Eronga zarba berish uchun foydalanishga ruxsat bermadi. Bundan darg‘azab bo‘lgan AQSh prezidenti Donald Tramp Ispaniyaga tahdid qilib, savdo aloqalarini to‘liq uzishini aytdi.

Trampning po‘pisalariga qaramay, Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushini qat’iy ravishda tanqid qilib kelmoqda. Siyosatchi urushni insoniyat uchun katta falokat deb atagan va Vashingtonni 2003 yilda Iroqqa bostirib kirgani kabi o‘tmish xatosini takrorlamaslikka undamoqda.

Yaqinda ham Ispaniyada Trampning MAGA siyosatiga muxolif bo‘lgan prezident va bosh vazirlar yig‘ildi. Unda Trampning nafrat, urush va parokandalikka olib kelayotgan siyosatini keskin qoralandi.

Prezident Tramp NATOning Eronga qarshi urushga qo‘shilmagani, boz ustiga, Ispaniya, Fransiya, Italiya kabi davlatlarning AQSh harbiy uchoqlariga o‘z havo hududini yopganidan qattiq xafa bo‘lgan.

Trampning NATOdan chiqish haqidagi tahdidli bayonotlari harbiy ittifoq tarixidagi eng jiddiy inqiroz deb baholanmoqda.

Oq uyning amaldagi ma’muriyati NATO ittifoqchilarini Erondagi urushga bo‘lgan munosabatiga qarab “yaxshi” va “yomon” tasnifga ajratuvchi hujjat tayyorlagani ham ma’lum.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring