AQSh senatorlari: «Bu jinoyat jazosiz qolmasligi kerak»
AQShlik taniqli siyosatchi, senator Berni Sanders Isroil hujumlari oqibatida G‘azo sektorida jurnalistlar o‘limi holatlarini tergov-taftish qilishga chaqirdi.
«So‘nggi ikki yil ichida Isroil 249 nafar jurnalistni o‘ldirdi — bu Ikkinchi jahon urushi va Vetnam urushidagidan ham ko‘p. Jurnalistlarga qarshi ochilgan urush tergov qilinishi va unga chek qo‘yilishi kerak», — dedi AQSh siyosati oqsoqoli Berni Sanders.
Ma’lumot o‘rnida: 6 yil ichida Ikkinchi jahon urushida 69 nafar va 20 yil davomida Vetnam urushida 63 nafar OAV xodimi dunyodan ko‘z yumgan edi.
Joriy yil 11-dekabr kuni senatorlar Piter Uelch, Kris Van Xollen, AQSh Kongressining Vakillari palatasi a’zosi Bekka Balint Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi hamda Amnesty International tashkiloti vakillari bilan birgalikda Kapitoliyda aksiya o‘tkazib, Isroilni jurnalistlar o‘limi yuzasidan javobgarlikka tortishni talab qilgan. Amerikalik qonun ijodkorlari, xususan, 2023-yil 13-oktyabr kuni Isroil hujumi oqibatida Reuters jurnalisti o‘ldirilgani, AFP jurnalisti esa yaralangani, OAV xodimlariga tajovuz uchun hech kim javobgarlikka tortilmagani yuzasidan norozilik bildirgan.
«Ushbu ishda biz na javobgarlik, na adolat ko‘rdik. Bu Isroil hukumati tomonidan amerikaliklar va jurnalistlarga hujumlarning jazosiz qolayotganini aks ettiruvchi katta kartinaning bir bo‘lagidir», — degan senator Kris Van Xollen.
«Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro tashkiloti hisobotiga ko‘ra, 2025-yilda dunyo bo‘yicha 67 nafar OAV xodimi halok bo‘lgan. Jumladan, Isroil hujumlar oqibatida 29 nafar falastinlik jurnalist hayotdan bevaqt ko‘z yumgan.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil avgust oyida «Al-Jazira» telekompaniyasi muxbiri Anas al-Sharif va uning to‘rt hamkasbi G‘azo shahrida qasddan o‘ldirildi.
2024-yil 7-yanvar kuni Isroil bombardimoni oqibatida falastinlik ikki jurnalist — 27 yoshli Hamza Dahduh hamda 20 yoshli Mustafo Turayya halok bo‘ldi.
2023-yil dekabr oyida yana G‘azoda Turkiyaning Anadolu axborot agentligi operatori Muntazir al-Savvaf va uning yaqinlari halok bo‘ldi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter