AQShda "shatdaun" sodir bo‘ldi

Respublikachilar va demokratlar davlat budjeti haqida kelisha olmagani tufayli Qo‘shma Shtatlarda hukumat faoliyati to‘xtatildi.
AQShda Kongress hukumat budjetini tasdiqlay olmagani tufayli 1 oktyabrdan boshlanadigan yangi moliyaviy yil tasdiqlanmagan budjet bilan boshlandi.
Ya’ni bugundan boshlab federal hukumat ishchilari maosh olmaydi va ularning aksariyati o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ladi. Faqat AQSh qurolli kuchlari va federal huquq-tartibot idoralari xodimlari to‘liq quvvat bilan xizmat qilishda davom etadi.
AQSh prezidenti Donald Tramp avvalroq hukumatning yopilishi ko‘p sonli xodimlarni va maoshlarni qisqartirish uchun foydalanishi mumkinligini aytgan edi. U demokratlarni budjet buzilishida aybladi va mavjud vaziyatdan respublikachilarga yoqmaydigan dasturlarni yo‘q qilish uchun foydalanishga va’da berdi.
Tramp budjetni tasdiqlashga respublikachilar va demokratlar kelisha olmagan mavzular orasida chegarani ochiq ochiq qoldirish, hujjatsiz migrantlar uchun sog‘liqni saqlash xarajatlarini qoplash, jinsini o‘zgartirishni targ‘ib qilish, va boshqalarni keltirdi.
Eslatib o‘tamiz, Trampning birinchi prezidentlik davrida ham "shatdaun" sodir bo‘lgan va u 35 kun davom etgan edi. Bu vaqt ichida 420 000 kishi oldindan ogohlantirgan holda o‘z vazifasini bajarishga kirishgan, 380 000 kishi esa maoshsiz ishdan bo‘shatilgan edi.
Shuningdek oldingi "shatdaun" vaqtida hujjatlar almashinuvi sekinlashgan, transport xodimlarining yetishmasligi tufayli kechikishlar sodir bo‘lgan, istirohat bog‘larida axlat tog‘lari to‘planib qolgan, davlat muzeylari yopilgan edi. Demokratlar bu davrdan maoshidan ayrilgan amaldorlarga oziq-ovqat paketlarini tarqatib, saylovoldi tashviqot uchun foydalangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter