Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

BMTning navbatdagi Bosh kotibi To‘qayev bo‘lishi mumkin – OAV

BMTning navbatdagi Bosh kotibi To‘qayev bo‘lishi mumkin – OAV

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 2027-yilda BMT Bosh kotibi lavozimiga kutilmagan nomzod sifatida ilgari surilishi mumkin. Bu haqda Rossiyaning «Vedomosti» nashri xabar qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir Nyu-Yorkda ushbu lavozim uchun ilk nomzodlar bilan interaktiv muloqotlar boshlangan. Biroq BMT Xavfsizlik kengashining yakuniy qarori joriy yil kuzigacha kutilmagan burilishlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Hozirgi Bosh kotib Antoniu Guterrish 2026-yil oxirida o‘z vakolatlarini topshiradi. Ayni paytda asosiy muhokamalar Lotin Amerikasi va Afrikadan bo‘lgan to‘rt siyosatchi atrofida kechmoqda. Ular orasida MAGATE rahbari Rafael Grossi, Chilining sobiq prezidenti Mishel Bachelet, Senegalning sobiq rahbari Maki Sall hamda BMT Savdo va taraqqiyot konferensiyasi rahbari Rebekka Grinspan bor.

Nomzod tanlashda geografik rotatsiya qoidasiga ko‘ra, keyingi rahbar Lotin Amerikasi vakili bo‘lishi kerak. Biroq amaliyotda bu qoidadan ba’zan siyosiy kelishuvlar uchun chekinish holatlari kuzatilgan.

Ekspertlar fikricha, To‘qayev nomzod sifatida kech bosqichda paydo bo‘lishi mumkin. Bunday holat 2016-yilda Kristalina Georgiyeva misolida ham kuzatilgan.

Qosim-Jo‘mart To‘qayev tajribali diplomat hisoblanadi. U BMTning rasmiy tillaridan to‘rttasini biladi va avval BMT Bosh kotibi o‘rinbosari hamda Jenevadagi vakolatxona rahbari lavozimida ishlagan.

Yaqinda u Turkiyaning Antalya shahrida o‘tgan diplomatik forumda xalqaro tashkilotlar rolining pasayib borayotganidan xavotir bildirgandi.
«Asosiy muzokaralar BMT va boshqa yirik xalqaro maydonlardan tashqarida o‘tmoqda. Bu jiddiy muammo», – degan To‘qayev.

Rasman esa uning prezidentlik vakolatlari 2029-yilgacha davom etadi. Avvalroq u BMT tizimidagi ish tajribasi yetarli ekanini bildirgan.

Ekspertlar fikricha, Qozog‘iston rahbarining BMTga o‘tishi Moskva uchun qiziq ssenariy bo‘lishi mumkin. Biroq G‘arb davlatlari uni Rossiyaga yaqin shaxs sifatida baholashi ehtimoli ham mavjud.

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, To‘qayevning nomzodi faqatgina BMT Xavfsizlik kengashidagi davlatlar o‘rtasida kelishuvga erishilmay qolgan holatda – ya’ni qiyin vaziyat yuzaga kelganda reallashishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring