«Bu siyosiy teatr» – Klintonlar Epshteyn ishi bo‘yicha Kongress oldida chiqish qildi
AQSh Kongressi Vakillar palatasining nazorat qo‘mitasi 26–27 fevral kunlari Nyu-York shtati Chappakua shahrida yopiq formatda yig‘ilish o‘tkazdi. Unda AQShning 42-prezidenti Bill Klinton va sobiq davlat kotibi Hillari Klinton Jeffri Epshteyn ishi doirasida bayonot berdi. Ikkisi ham o‘z kirish so‘zlari matnini e’lon qildi.
Bill Klintonning ta’kidlashicha, uning Epshteyn bilan qisqa tanishuvi jinoyatlar haqida ma’lumotlar oshkor bo‘lishidan ancha oldin tugagan.
U o‘z nutqida Epshteynning jinoyatlari haqida bilmaganini, hech qachon shubhali harakatlarga guvoh bo‘lmaganini hamda o‘zini ayblovchi suratlar mavjud bo‘lsa ham, bu uning noqonuniy ish qilganini anglatmasligini aytdi.
Klintonning so‘zlariga ko‘ra, agar Epshteyn noqonuniy ish qilayotganini sezganida, u bilan aloqani darhol uzgan va uni huquq-tartibot idoralariga topshirgan bo‘lar edi. Uning aytishicha, 2008 yilga kelib, Epshteyn jinoyatlari fosh etilgan paytda ular allaqachon aloqa qilmas edi.
Hillari Klinton ham Epshteyn va uning yaqin hamkori Gislayn Maksvell jinoyatlari haqida bilmaganini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, u Epshteyn bilan uchrashmagan va uning samolyotida uchmagan. Epshteynning xususiy orolida ham bo‘lmagan.
Klinton Kongress tekshiruvini «siyosiy teatr» deb atab, ayrim siyosatchilarni e’tiborni boshqa shaxslardan chalg‘itishda aybladi. U inson savdosi va ayollar hamda qizlarga qarshi zo‘ravonlikka qarshi kurash butun dunyo miqyosidagi muammo ekanini qayd etdi.
Shuningdek, u tergov doirasidagi ayrim masalalar, jumladan, prezident Tramp bilan bog‘liq ehtimoliy holatlar to‘liq o‘rganilmayotganini tanqid qildi.
Yig‘ilish yopiq tarzda o‘tgan bo‘lsa-da, ikki tomon ham o‘z pozitsiyasini ommaviy bayonot orqali e’lon qildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter