Hillari Klinton Netanyahuning sirini ochdi
AQSh sobiq davlat kotibi Hillari Klinton Qo‘shma Shtatlar Eron bilan muzokaralarda juda zaif pozitsiyada turganini aytdi.
Tehron bilan qat’iy muzokara o‘tkazish lozimligini urg‘ulagan Hillari Klinton Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ko‘p yillardan buyon AQShni Eronga qarshi urushga tortishga urinib kelganini ham ochiqladi.
«Men shaxsiy tajribamdan bilamanki, (Isroil bosh vaziri Binyamin) Netanyahu Amerikaning avvalgi prezidentlarini ham Eron bilan muddatsiz urushga kirishga ishontirish uchun ko‘p marotaba harakat qilgan. Men Eronga nisbatan real yakuniy natijasi bo‘lmagan, ishonchli hisoblanmagan xatti-harakatlarni rad etganman», – dedi 2009-2013 yillarda AQSh davlat kotibi lavozimida faoliyat yuritgan Hillari Klinton.
Avval xabar berganimizdek, AQSh siyosatining yana bir oqsoqoli, 2013-2017 yillarda davlat kotibi vazifasida ishlagan Jon Kerri ham Isroil bosh vaziri bir necha bor AQShni Eronga zarba berishga ko‘ndirishga uringani, ammo prezidentlar Jorj Bush, Barak Obama va Jo Bayden bu so‘rovni rad etganini aytgandi.
Aksar tahlilchilar AQSh prezidenti Donald Tramp Netanyahuning kuchli ta’siri ostida joriy yil 28 fevral kuni Eronga qarshi urushga kirganini aytmoqda.
Yahudiy davlati bosh vaziri so‘nggi oylarda AQShni Eronga qarshi urushga tortish uchun Oq uyda soatlab muzokaralar o‘tkazgani ma’lum.
OAV xabar berishicha, urush arafasida amerikalik rasmiy va norasmiy doiralar Eronga qarshi urush Qo‘shma Shtatlar manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligidan ogohlantirgan.
The New York Times manbalariga ko‘ra, so‘nggi daqiqalarda Netanyahu videotaqdimot va razvedka ma’lumotlari asosida Trampni Eronda rejimni o‘zgartirish va keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlashga ishontirgan.
AQShning Eronga tajovuzi Ikkinchi jahon urushidan beri Amerikada eng kam qo‘llab-quvvatlangan urushga aylandi.
Avvalo, Tramp ma’muriyati Eron AQSh uchun bevosita tahdid tug‘dirishi borasida asosli dalil keltira olmagan.
Eronga qarshi agressiya ortidan jahonda, jumladan, AQShda narx-navo qimmatlashuvi ortidan Tramp ma’muriyati ham ichki, ham tashqi bosim ostida qolmoqda.
«Vashington Tel-Avivning nog‘orasiga o‘ynayotgani»ga norozilik ifodasi sifatida iste’folar ham qayd etilmoqda.
Tramp Netanyahuni Yaqin Sharq, jumladan, Falastin, Livan, Suriya, Yaman va Erondagi agressiyalarida so‘zsiz dastaklab kelmoqda.
Tramp ma’muriyati Netanyahuni himoya qilish uchun Xalqaro jinoyat sudiga nisbatan sanksiya joriy etgani ham ma’lum. Inson huquqlarini bayroq qilgan AQSh tomonidan global miqyosda adolatni ta’minlashda muhim o‘rin tutib kelgan XJSga jazo choralari qo‘llanishi misli ko‘rilmagan holat deb baholangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter