Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputatlar o‘z maoshini o‘zi kesdi

Deputatlar o‘z maoshini o‘zi kesdi

Illyustrativ foto

Vengriya parlamenti deputatlarning maoshini qisqartirishga oid qonun loyihasini qabul qildi. Bir necha oy avval hokimiyatga kelgan «Tisa» partiyasining ushbu tashabbusini muxolifatdagi «Fides» va «Bizning Vatan» partiyalari ham qo‘llab-quvvatlagan.

Yangi tartib-qoidaga muvofiq, deputatlarning bazaviy maoshi mamlakatdagi o‘rtacha ishhaqining 1,8 koeffitsiyentidan kelib chiqib hisoblanadi (ilgari 3 koeffitsiyentiga nisbatan hisoblangan). Shu tariqa deputatlarning oylik bazaviy maoshi 2,18 mln forintdan (taxminan 7,1 ming dollar) 1,31 mln forintgacha (taxminan 4,3 ming dollar) kamayadi. Demak, parlament a’zolari oyiga taxminan 873 ming forint (taxminan 2,8 ming dollar) yoki yiliga 10,4 mln forintdan ko‘proq (taxminan 33,8 ming dollar) yo‘qotadi.

Bundan tashqari, qonun parlament a’zolarining operatsion xarajatlarini ham qisqartiradi: uy-joy uchun (31 foizga), ofis ijarasi uchun (52 foizga) va yordamchilar ishhaqi uchun (30 foizga).

Deputatlar uchun uyali aloqa va yonilg‘i uchun kompensatsiya ham bekor qilinadi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 12-aprel kuni Vengriyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovida nafaqat mamlakat, balki butun Yevropa Ittifoqi taqdiriga ta’sir etadigan natija qayd etildi. 45 yoshli Peter Madyar bosh vazir 62 yoshli Viktor Orbanning 16 yillik boshqaruviga chek qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.

Madyar boshchiligidagi yangi hukumat 2010-2026-yillarda bosh vazir vazifasida ishlagan Orban siyosiy merosidan voz kechish yo‘lida jiddiy qadamlar tashlamoqda.

Deputatlarning maoshi qisqarishi haqidagi tashabbus muallifi bo‘lgan bosh vazirning ishhaqi ham qisqarmoqda. Peter Madyarning maoshi taxminan 3,8 mln forintni (taxminan 12,4 ming dollar) tashkil etadi. Sobiq bosh vazir Orban esa 8 mln forintdan ko‘proq (taxminan 26 ming dollar) moyana olgan.

Koeffitsiyentlarning yangi tizimiga asoslangan hisob-kitobga ko‘ra, vazirlarning daromadi ham avvalgi darajaga nisbatan oyiga taxminan 1,5-2 mln forintga (4,9-6,5 ming dollar) kamayadi.

Tahlilchilar Vengriyada deputatlar maoshi qisqarishini ramziy qadam deb atamoqda.

«Bu yerda asosiy jihat — ramziy mujdadir. Har qanday holatda ham deputatlarga achinish kerak emas, maosh qisqartirilgandan keyin ham ular anchagina yaxshi daromad oladi. To‘g‘ri, bu borada juda chuqur ketib ham bo‘lmaydi, chunki bu korrupsiyaning kuchayishiga va boshqa ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi mumkin», — deydi tahlilchi Robert Laslo.

Olmon matbuoti xabar berishicha, Germaniya parlamenti (Bundestag) deputatlari ham joriy yilda o‘z maoshini rejali ravishda oshirishdan voz kechdi.

Mamlakatda ish haqining umumiy dinamikasidan kelib chiqib, Bundestagning 630 nafar a’zosi oylik maoshiga joriy yil 1-iyuldan 500 yevro qo‘shilishi va umumiy summa 12 330 yevroga yetishi lozim edi.

DW yozishicha, olmon deputatlari mamlakat budjetidagi taranglik va mavjud iqtisodiy vaziyatni inobatga olib, fuqarolar zimmasiga qo‘shimcha yuk tushirmaslik va tejamkorlikka hissa qo‘shishni ma’qul topgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring