Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yevropa 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklamoqchi

Yevropa 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklamoqchi

Yevropa Komissiyasi bolalarni ijtimoiy tarmoqlardagi xavflardan himoya qilish maqsadida yosh cheklovlarini kuchaytirishni taklif qilmoqda. Bu haqda Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ma’lum qildi.

«Kids Act» tashabbusi doirasida 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash, 15 yoshgacha shaxsiy akkaunt ochishni taqiqlash taklif etilmoqda. 13-15 yoshli bolalar uchun esa ota-ona nazorati ostida ishlaydigan cheklangan «mini-akkauntlar» joriy etilishi mumkin.

Bunday akkauntlardan foydalanishni kuniga bir soat bilan cheklash, 15–18 yoshdagilar uchun esa ijtimoiy tarmoqlarda «safe design» — xavfsiz dizayn talablarini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Ursula fon der Lyayen bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi bilan bog‘liq qator xavflarga e’tibor qaratdi. Jumladan, foydalanuvchini uzoq vaqt platformada ushlab turishga qaratilgan funksiyalar, bolalarning tobora keskin kontentga jalb qilinishi hamda qizlarning suratlaridan sun’iy intellekt orqali jinsiylashtirilgan soxta tasvirlar yaratilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Yevropa Komissiyasi rahbariga ko‘ra, platformalar o‘z xizmatlarining bolalar uchun xavfsizligini isbotlashi kerak. Uning ta’kidlashicha, masala faqat bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishida emas, balki platformalarning ular hayotiga qachon va qanday kirib kelishida hamdir.

Takliflar amalga oshirilsa, ijtimoiy tarmoq platformalari bolalar uchun xavfsiz raqamli muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha talablarga rioya qilishi kerak bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring