Fransua Olland Fransiya prezidenti lavozimiga qaytishi mumkin
Fransiyaning sobiq prezidenti Fransua Olland 2027-yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi mumkinligini ma’lum qildi.
«Men tayyorgarlik ko‘ryapman. Prezidentlik saylovlarida Fransiya uchungina emas, balki butun tarix uchun muhim masala hal bo‘ladi», – dedi u Marianne jurnaliga bergan intervyusida.
Olland 2012–2017 yillarda Fransiyaga rahbarlik qilgan va Beshinchi respublika tarixidagi eng past reyting bilan lavozimni tark etgan prezidentlardan biri sifatida tilga olinadi. 2017-yilda u Yelisey saroyini atigi 4 foizlik qo‘llab-quvvatlash reytingi bilan tark etgan edi.
Hozircha uning siyosiy imkoniyatlari yuqori baholanmayapti. So‘rovlarga ko‘ra, Ollandni 10 foizdan kam saylovchi qo‘llab-quvvatlamoqda.
Ayni paytda o‘ng qanotdagi «Milliy birlashuv» partiyasi yuqori ko‘rsatkichlarni saqlab turibdi. Partiya yetakchilari Marin Le Pen va Jordan Bardella 30 foizdan ortiq qo‘llab-quvvatlovga ega.
Qizig‘i, aynan Olland prezidentligi davrida Fransiyada o‘ta o‘ng kuchlar mamlakatning asosiy siyosiy o‘yinchilariga aylangan edi.
Skeptik munosabat hatto Olland a’zo bo‘lib qolayotgan Sotsialistik partiya ichida ham kuzatilmoqda. Partiya vakillaridan biri Marianne’ga uning siyosatga katta qaytish qilishi ehtimoliga ishonmasligini aytgan.
Shunga qaramay, Olland o‘zining asosiy ustunligi sifatida davlat rahbari darajasidagi tajribasini ko‘rsatmoqda. U besh yillik prezidentlik faoliyati, xalqaro sammitlardagi ishtiroki va inqirozlar davrida mamlakatni boshqarganini eslatgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter