OAV: AQSh ittifoqchilarini «yaxshi» va «yomon» guruhga ajratdi
Tramp ma’muriyati NATO ittifoqchilarini Erondagi urushga bo‘lgan munosabatiga qarab «yaxshi» va «yomon»ga ajratuvchi hujjat tayyorladi. Bu haqda Politico nashri vaziyatdan xabardor bo‘lgan uchta yevropalik diplomat va bitta AQSh harbiy amaldoriga tayanib xabar berdi.
NATO bosh kotibi Mark Ryuttening Vashingtonga tashrifi (7-12-aprel) uchun tayyorlangan hujjatda har bir mamlakatning ittifoqqa qo‘shgan hissasi bayon etilgan va ularni uch toifaga ajratilgan.
Manbalar qaysi davlatlar qaysi guruhga kiritilganini oshkor qilmadi.
Kuzatuvchilarning fikricha, bunday hujjatning tayyorlanishining o‘zi AQSh prezidenti Donald Trampning uning xohish-istaklarini to‘liq bajarishga moyil bo‘lmagan ittifoqchilarga qarshi tahdidlarini amalga oshirish niyatida ekanligidan dalolat beradi.
Nashr manbalari hujjatda «yomon» ittifoqchilarga qarshi hech qanday harakatlar rejasi yo‘qligini ta’kidladilar. «Ularning aniq g‘oyalari yo‘qga o‘xshaydi... Bitta variant o‘sha davlatdan Amerika qo‘shinlarni olib chiqishdir, ammo bu AQShning o‘zi uchun ko‘proq jazo bo‘lardi, shunday emasmi?», deb ta’kidladi bir yevropalik diplomat.
Oq uy bunday hujjatning mavjudligini amalda tasdiqladi.
«Qo‘shma Shtatlar har doim o‘zlarini ittifoqchilar deb ataydigan davlatlarga yordam berishga tayyor bo‘lsa-da, biz minglab qo‘shinlar bilan himoya qilayotgan mamlakatlar Erondagi operatsiyada bizga yordam berishdan voz kechishdi. Prezident Tramp bu adolatsiz dinamika haqida nima deb o‘ylashini aniq aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar hamma narsani eslab qoladi», dedi Oq Uy vakili Anna Kelli nashrga.
NATO Politico nashrining izoh berish haqidagi iltimosiga javob bermadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter