Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonlik eksportchi Rossiya kompaniyasidan qariyb 947 ming dollar undirmoqchi

O‘zbekistonlik eksportchi Rossiya kompaniyasidan qariyb 947 ming dollar undirmoqchi

Rossiyaning Shimoliy Kavkaz okrugi Arbitraj sudi Krasnodar o‘lkasi Arbitraj sudining Toshkent shahar sudi qarorini tan olish va ijro etishni rad etgan ajrimini bekor qildi.

Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan Dry-Fruits Industry kompaniyasi Rossiyaning «Gut-Agro» korxonasidan 946,9 ming dollar qarz va sud xarajatlarini undirishni talab qilmoqda.

Nizo tomonlar o‘rtasida 2024-yil aprelida mahsulot yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnoma asosida kelib chiqqan. Keyinchalik Toshkent shahar sudi Rossiya kompaniyasidan qarzdorlik va sud xarajatlarini undirish haqida qaror chiqargan.

Biroq Krasnodar o‘lkasi Arbitraj sudi «Gut-Agro» Toshkentdagi sud jarayoni haqida tegishli tarzda xabardor qilinmagan, degan asos bilan O‘zbekiston sudi qarorini tan olish va ijro etishni rad etgan.

Ishdagi asosiy masalalardan biri gut-agro@yandex.ru elektron pochta manzili bo‘lgan.

Dry-Fruits Industry vakillariga ko‘ra, tomonlar aynan shu manzil orqali ishbilarmonlik yozishmalarini olib borgan va Toshkent shahar sudi ham sud majlisi haqidagi xabarnomani shu elektron pochtaga yuborgan.

Rossiya kompaniyasi esa ushbu manzil yuridik ahamiyatga ega xabarlarni qabul qilish uchun rasmiy manzil emasligini bildirgan. U kompaniyaning Rossiya yuridik shaxslar yagona davlat reyestridagi ma’lumotlarida ham, tomonlar o‘rtasidagi shartnomada ham ko‘rsatilmagan. «Gut-Agro» rahbari mazkur elektron pochta unga tegishli emasligini aytgan.

Kassatsiya instansiyasi esa bu holatlar Toshkent sudi qarorini ijro etishdan butunlay bosh tortish uchun yetarli emas, degan xulosaga kelgan.

Sud yangi ko‘rib chiqishda «Gut-Agro» Toshkentdagi sud jarayonidan amalda xabardor bo‘lgan-bo‘lmagani va o‘z manfaatlarini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlash zarurligini qayd etgan.

Shuningdek, tomonlar o‘rtasida avvaldan shakllangan elektron yozishmalar amaliyotiga ham baho berilishi kerak. Agar elektron manzil amalda kompaniyaning korporativ yoki xizmat pochtasi sifatida qo‘llangan bo‘lsa, bu yuridik shaxsning harakati sifatida baholanishi mumkin.

Krasnodar o‘lkasi Arbitraj sudining 2026-yil 22-yanvardagi ajrimi bekor qilingan va ish qayta ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.

Yangi ko‘rib chiqish doirasida dastlabki sud majlisi 2026-yil 10-dekabrga belgilangan.

Ma’lumot uchun, «Gut-Agro» 2022-yilda Krasnodar o‘lkasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, sabzavot, poliz va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Dry-Fruits Industry esa Toshkentda faoliyat yuritib, quruq mevalar ishlab chiqarish va eksport qilishga ixtisoslashgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring