Shavkat Mirziyoyev davlat mukofotlarini o‘z egalariga topshirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan davlat mukofotlarini topshirish marosimida mukofotlanganlarni yana bir bor tabrikladi.
Davlat rahbari davlat mukofotini olgan har bir insonning mehnati va ko‘rsatgan jasorati alohida e’tirofga munosib ekanini ta’kidladi.
Shu kunlarda hududlarda unvon, orden va medallarni qabul qilib olayotgan yurtdoshlarga ham samimiy tabriklar yo‘llandi.
Prezident mukofotlanganlar orasida O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, mamlakatga yirik sarmoya va zamonaviy texnologiyalarni olib kelayotgan xorijlik hamkorlar ham borligini qayd etib, ularga minnatdorlik bildirdi.
Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
«Ko‘ksingizga yarashib turgan yuksak unvon, orden va medallarga odamlar havas bilan qaraydi, yoshlarimiz sizlarga o‘xshashga intiladi. Bu sizlarga kelgusi ishlaringizda yangi kuch-g‘ayrat va ilhom beradi deb ishonaman», – dedi Prezident marosim yakunida.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter