Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonga 160 mlrd dollardan ortiq xorijiy investitsiya kirgan

So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonga 160 mlrd dollardan ortiq xorijiy investitsiya kirgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan davlat mukofotlarini topshirish marosimida so‘nggi o‘n yilda mamlakatda amalga oshirilgan o‘zgarishlar va erishilgan natijalarga to‘xtaldi.

Davlat rahbari ta’kidlashicha, xalq bilan hamjihatlikda amalga oshirilgan ishlar natijasida O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror va yuqori sur’atlarda o‘sib bormoqda.

So‘nggi o‘n yilda mamlakatga 160 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya kiritilgan, iqtisodiyot hajmi esa 2,5 barobardan ziyod o‘sgan.

Prezidentning aytishicha, joriy yil yakunida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 180 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.

Sanoat, xizmatlar va qishloq xo‘jaligi sohalarida o‘tgan davr mobaynida 5,7 millionta doimiy ish o‘rni yaratilgan.

Davlat va xususiy sektor ishtirokida:

  • 1 million 200 ming o‘rinli zamonaviy maktablar;
  • 342 ming o‘rinli bog‘chalar;
  • 62 ming o‘rinli shifoxonalar ishga tushirilgan.

Shuningdek, aholi uchun transport va kommunal infratuzilmani yaxshilash maqsadida 83 ming kilometr umumiy foydalanishdagi ichki yo‘llar qurilgan va ta’mirlangan.

Hududlarda 8 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi kirib borgan. Yana 11,5 million nafar aholining suv ta’minoti yaxshilangan.

O‘tgan o‘n yilda 650 ming oila yangi zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan.

 «Xalqimizda “Uyli bo‘lish — vatanli bo‘lish” degan naql bor. Shu ma’noda, kamida 2,5 million aholi vatanli bo‘ldi» – dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev mustaqillikning kuch-qudrati nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarda, balki madaniyat, san’at, sport, davlat xizmati, mahalla va jamoat hayotida fidokorona mehnat qilayotgan insonlar faoliyatida ham namoyon bo‘layotganini qayd etdi.

Nuroniylar, mahalla faollari, harbiylar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining jamiyat tinchligi va barqarorligiga qo‘shayotgan hissasi alohida ta’kidlandi.

«Yangi O‘zbekistonning eng katta natijasi — bu o‘zgargan inson, o‘z kuchiga ishongan fuqaro, ertangi kunga daxldorligini his qilayotgan jamiyatdir», – dedi Prezident.

Davlat rahbari fidoyi va bunyodkor vatandoshlarga, mustaqillikning asosiy kuchi va tayanchi bo‘lgan xalqqa minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, inson qadri ulug‘langan, adolat va taraqqiyotga tayangan Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida xalq bilan birgalikda izchil harakat davom ettirilishi ta’kidlandi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring