Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qirg‘izistonda o‘qituvchi va tibbiyot xodimlari ish haqlari ikki barobarga oshirilyapti

Qirg‘izistonda o‘qituvchi va tibbiyot xodimlari ish haqlari ikki barobarga oshirilyapti

2026-yil 1-apreldan boshlab Qirg‘izistonda pedagog va tibbiyot xodimlarining ish haqi 100 foizga oshiriladi. Bu haqda bugun Xalq qurultoyida davlat rahbari Sadir Japarov ma’lum qildi.

«O‘qituvchi millat kelajagini shakllantiradi, shifokor esa inson sog‘ligi va hayotini asraydi. Ammo bugun biz ularga nisbatan qo‘pol munosabat, hurmatsizlik, ba’zan esa zo‘ravonlik holatlariga duch kelyapmiz. Bu — madaniyatsizlikning eng yuqori darajasi. Biz ushbu ikki muqaddas kasb egasiga munosib nufuz va jamiyatdagi yuksak maqomini qaytarishimiz shart. Davlat idoralari, fuqarolik jamiyati, har bir oila — barchamiz o‘qituvchi va shifokor nufuzini mustahkamlashga majburmiz. Bolalarimizni o‘qitayotgan va bizni davolayotgan insonlarga yetarli hurmat bo‘lmas ekan, biz haqiqiy ma’noda madaniyatli va rivojlangan mamlakatga aylana olmaymiz», – deydi mamlakat prezidenti.

Shu munosabat bilan u 2026-yil 1-apreldan pedagogik va tibbiy xodimlarning ish haqi oshirilishini ta’kidladi.

«Kecha Vazirlar Mahkamasi raisi Adilbek Qasimaliyev ish haqi kamida 50 foizga oshirilishini aytgan edi. Biroq muhokamalar va hukumatning moliyaviy imkoniyatlarini qayta baholash natijasida o‘rtacha ish haqini 100 foizga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qildik», – dedi Sadir Japarov.

Uning aytishicha, hozirda pedagoglarning o‘rtacha oylik maoshi 26 ming somni tashkil etadi. 2026-yil 1-apreldan keyin bu ko‘rsatkich taxminan 52 ming somga (taxminan 7,2 mln O‘zbek so‘mi) yetadi. O‘qituvchilarning ish haqi ta’lim darajasi, pedagogik staji, malaka toifasi, hududiy joylashuvi, o‘qitadigan fan va haftalik dars yuklamasiga qarab belgilanadi.

Sadir Japarovning aytishicha, hozirda shifokorlarning o‘rtacha oylik maoshi 31 ming 500 som bo‘lib, 1 apreldan u 62 ming 500 somga (taxminan 8,6 mln O‘zbek so‘mi) yetadi. Qo‘lga olinadigan sof daromad taxminan 50 ming somni tashkil etadi.

Shuningdek, 2026-yil 1-apreldan madaniyat xodimlari, murabbiylar hamda texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning ish haqlarii ham o‘rtacha oshiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring