Saudiya Arabistoni haj mavsumi oldidan yangi tartibni e’lon qildi
Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi 1447-hijriy yil (2026-yil) haj mavsumiga tayyorgarlik doirasida Makka shahriga kirish va umra amallariga oid yangi tartiblarni joriy qildi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, 2026-yil 13-apreldan boshlab Makkaga kirish uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinadi. Mazkur ruxsatnomasi bo‘lmagan shaxslar shaharga kiritilmaydi.
Shu bilan birga, ayrim toifalarga istisno qo‘llaniladi. Jumladan, Makkada yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lganlar, haj vizasi bor shaxslar hamda muqaddas hududlarda ishlash uchun elektron ruxsatnomaga ega fuqarolarga cheklov tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, umra vizasi bilan kelgan shaxslar uchun mamlakatni tark etishning so‘nggi muddati 2026-yil 18-aprel etib belgilandi.
18-apreldan boshlab esa umra ruxsatnomalarini berish vaqtincha to‘xtatiladi. Ushbu cheklov 31-mayga qadar amal qiladi.
Bundan tashqari, 18-apreldan keyin haj vizasiga ega bo‘lmagan barcha xorijliklar uchun Makka shahriga kirish va u yerda bo‘lish taqiqlanadi.
Vazirlik qoidalarga rioya qilish haj mavsumini xavfsiz va tartibli o‘tkazish uchun muhim ekanini ta’kidlab, ularni buzgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan jazo choralari qo‘llanilishini ma’lum qildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter