Tramp so‘nggi 100 yilda portreti tirikligida tangada aks ettirilgan birinchi AQSh prezidenti bo‘ldi
AQSh zarbxonasi prezident Donald Tramp tasviri tushirilgan, nominali 1 dollar bo‘lgan kolleksion tangani muomalaga chiqardi. Shu tariqa, Tramp so‘nggi 100 yil ichida portreti Amerika pulida aks ettirilgan birinchi tirik AQSh prezidenti bo‘ldi.
Trampning surati, shuningdek, «Ozodlik» va «Biz Xudoga ishonamiz» degan yozuvlar tushirilgan tanga AQShning 250 yilligiga bag‘ishlangan.
AQSh zarbxonasi 25 ta tangadan iborat to‘plamni 61 dollardan, 100 ta tangali qopchani esa 154 dollar 50 sentdan sotuvga chiqardi. Biroq tangalar sotuvga chiqarilganidan bir necha soat o‘tib, zarbxona saytida ular «hozircha mavjud emas» degan xabar paydo bo‘ldi.
Zarbxona ma’lum qilishicha, Tramp tasviri tushirilgan tanga «ushbu tarixiy voqeani nishonlash» doirasida chiqarilgan va zamonaviy kolleksiyalarga «munosib qo‘shimcha» bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Tangalarni zarbxona saytidan tashqari, Vashingtonda joylashgan AQSh zarbxonasining maxsus savdo avtomatlaridan ham xarid qilish mumkin.
Tangalar tashqi ko‘rinishidan oltinga o‘xshaydi, ammo ularning tarkibida oltin yo‘q. Ular 88,5 foiz misdan, qolgan qismi esa rux, marganets va nikeldan iborat.
Joriy yil may oyida AQSh moliya vaziri Skott Bessent mamlakatning 250 yilligi munosabati bilan Donald Tramp portreti tushirilgan 250 dollarlik banknota chiqarish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter