Turk olimlaridan kosmosda muhim kashfiyot: 7 ta yangi gen topildi (video)
Turkiyaning ilk boshqariluvchi fazoviy dasturi doirasida 2024-yilda Alper Gezeravji, so‘ngra Tuva Jihangir Atasever koinotga parvoz qilib, keng ko‘lamli tadqiqotlarni amalga oshirgan edi. Yer sathidan 100 va 440 kilometr balandlikda o‘tkazilgan ushbu missiyalar davomida soha uchun muhim ahamiyatga ega bir qator ilmiy tajribalar muvaffaqiyatli bajarildi.
Birinchi missiya doirasida jami 13 ta ilmiy tajriba amalga oshirildi. Ular orasida Jihon Tashtan boshchiligida ishlab chiqilgan loyiha alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Ushbu loyiha kosmos muhitining inson genlariga ta’sirini o‘rganishga qaratilgan. Tadqiqotlar avval laboratoriya sharoitida, sun’iy mikrogravitatsiya muhitida boshlangan bo‘lib, unda inson qonida gen ifodalanishining o‘zgarishi va hujayralarning turlicha harakat qilishi kuzatilgan. Kosmik missiya amalga oshirilishi bilan ushbu tadqiqotlarni bevosita kosmos muhitida davom ettirish imkoniyati yaratildi.
Olingan natijalarga ko‘ra, kosmos muhiti inson organizmiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Xususan, astronavtlardan olingan DNK tahlillari hujayralardagi telomerlar uzaygani, ya’ni ularning hujayralari sog‘lom va uzoq umrli bo‘lishga moslashganini ko‘rsatdi. Shuningdek, insonning uzoq va sog‘lom yashashi bilan bog‘liq bo‘lgan genlarning faolligi oshgani aniqlandi. Bu holat kosmos muhiti ayrim biologik jarayonlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini anglatadi.
Tadqiqotlar davomida yana bir muhim natija qayd etildi. Ilmiy adabiyotlarda hali nomlanmagan yettita yangi gen kosmos muhitida faollashgani aniqlandi. Jihon Tashtanning ta’kidlashicha, bu genlarning kosmos bilan o‘zaro ta’siri ilk bor aniqlangan. Shu bilan birga, kosmos sharoitida inson immun tizimi saraton va boshqa kasalliklarga qarshi kuchliroq javob berishi mumkinligi kuzatilgan. Olimlar bir qator xastaliklar, jumladan Alsgeymer, Parkinson, shizofreniya, depressiya va xavotir holatlari ham kosmos muhitida ma’lum darajada ta’sirlanishini qayd etmoqda.
Olingan ilmiy natijalar yangi tadqiqotlar uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Kosmosda aniqlangan ushbu genlar yer sharoitida yangi dori vositalarini ishlab chiqish va samarali davolash usullarini topishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Bu tadqiqotlar kosmik tibbiyot va biologiya sohalarida yangi bosqichni boshlab berishi kutilmoqda.
Ilmiy an’analarga muvofiq, yangi kashf etilgan genlarga nom berish huquqi tadqiqotni amalga oshirgan olimlarga tegishli bo‘ladi. Shu bois, kosmosda aniqlangan mazkur yettita genga Turkiya olimlari nom beradi. Kelgusida bu nomlar xalqaro ilmiy adabiyotlarda qo‘llanilishi va kosmik tadqiqotlarda turk olimlarining hissasi alohida qayd etilishi kutilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter