Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiyada «turizm» yoki «talaba» vizasi bilan ishlash man etiladi – elchixona

Yaponiyada «turizm» yoki «talaba» vizasi bilan ishlash man etiladi – elchixona

Tokio shahri markaziy ko‘chalaridan biri.

Foto: Xabar.uz / Sobir Salim

Joriy yil 24-aprel kuni Yaponiya immigratsiya xizmatlari agentligi Yaponiyada noqonuniy ravishda yashab turgan O‘zbekistonning ikki fuqarosini mamlakatdan chiqarib yubordi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolardan biri Yaponiyaga «talaba» vizasi bilan kirgan, ammo keyinchalik o‘qishdan haydalganiga qaramay, mamlakatda noqonuniy ravishda qolib ketgan va vakolatli rasmiylar tomonidan hibsga olingan.

Ikkinchi fuqaro Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, ruxsat berilgan qolish muddati tugashiga qaramay mamlakatdan chiqib ketmagan.

Diplomatik vakolatxonaning eslatishicha,«turizm», «yaqinlarni ko‘rish», «biznes (konferensiya, madaniy almashinuv kabi)» maqsadidagi qisqa muddatli viza bilan Yaponiyada ishlash qat’iyan man etiladi. O‘zbekistonda qarz (kredit) olib bo‘lsa ham Yaponiyaga o‘qishga borgan, ammo yapon tilini o‘rgana olmay o‘qishdan chetlatilgan fuqaroning Yaponiyada yashash maqomi bekor qilinadi.

«Yaponiyaga «turizm» yoki «talaba» maqomidagi viza bilan kirib,«uzoq muddat qolish mumkin» yoki «ishlash mumkin» degan chaqiruvlar butunlay yolg‘on. Shu kabi yolg‘on maqsadlar bilan Yaponiyaga kirishga yo‘l qo‘yilmaydi.«Talaba» vizasi ishlash uchun emas, balki faqatgina mamlakatda o‘qish uchungina beriladi», – deyiladi elchixona xabarida.

Ta’kidlanishicha, Yaponiyada noqonuniy ravishda yashayotgan shaxslar aniqlansa, ular politsiya tomonidan hibsga olinadi va bunday shaxslarga nisbatan immigratsiya muassasasida ushlab turish yoki deportatsiya qilish kabi qat’iy choralar ko‘riladi.

«Bundan tashqari, Yaponiya hukumati shu kabi shaxslar haqida O‘zbekiston hukumatiga ma’lumotlarni berib borayotganligi sababli, O‘zbekistonga qaytgandan keyin ham ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi mumkin. Shu sababli,«Yaponiyada ishlash mumkin» deb da’vo qiluvchi vositachilarning va’dalariga osonlik bilan ishonib qolmang, ogoh bo‘ling!» – deb ogohlantiradi Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring