Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yuz minglab yevropalik norozilik namoyishiga chiqdi – sabab bir xil

Yuz minglab yevropalik norozilik namoyishiga chiqdi – sabab bir xil

Namoyishchilar Italiya hukumatidan Falastin davlatini tan olishni ham talab qilmoqda.

Foto: AFP.

Yevropa davlatlari bo‘ylab Isroilning G‘azo sektoridagi xunrezligiga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda.

“Euronews” telekanali xabar berishicha, Falastinni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan namoyishlar Rimdan Lissabonga qadar davom etmoqda.

Birgina Italiya poytaxti Rim shahrida juma kuni ikki million, shanba kuni esa bir millionga yaqin kishi namoyishga chiqqan. Italyanlar G‘azoga insonparvarlik ko‘magini olib borayotgan “Ozodlik flotiliyasi” kemalarining Isroil tomonidan zo‘rlik yo‘li bilan to‘xtatilishi va turli davlat vakillari bo‘lgan faollarning qamoqqa olinishiga keskin norozilik bildirgan.

Italiyada bir nech kundan buyon davom etayotgan ish tashlash va namoyishlar mamlakat iqtisodiyotini falaj holga keltirayotgani aytilmoqda. Yaqinda Buyuk Britaniya, Fransiya kabi Yevropaning yetakchi davlatlari Falastin davlatini rasman tan olgan edi. Muxolifat va namoyishchilar Falastin davlatini tan olmagani, boz ustiga, Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini keskin qoralamayotgani uchun Italiya bosh vaziri Jorja Melonini tanqid qilmoqda. Meloni hukumatidan G‘azo sektoridagi fojia yuzasidan qat’iy pozitsiyada bo‘lish talab etilmoqda.

Yaqindagina Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olgan Portugaliya poytaxti Lissabonda ham Isroil agressiyasiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda.

Barselona, Afina va boshqa shaharlarda ham jabrdiyda falastinliklarni qo‘llab-quvvatlovchi tadbirlar tashkil etilmoqda. Masalan, Barselona ko‘chalarini to‘ldirgan namoyishchilar “G‘azo qalbimda og‘riq uyg‘otmoqda!”, “Genotsidni to‘xtating!”, “Flotiliyadan qo‘lingni tort!” kabi shiorlarni ko‘tarib chiqqan.

Avval xabar berganimizdek, AQSh prezidenti Donald Tramp HAMAS guruhiga G‘azo sektoridagi urushni tugatish bo‘yicha Vashington taklif qilgan kelishuvni qabul qilish uchun yakshanbaga qadar muhlat bergan edi.

4-oktyabrga o‘tar kechasi HAMAS AQSh taklifiga muvofiq barcha garovdagilarni ozod qilish va kelishuvning boshqa bandlarini muhokama qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Buning ortidan prezident Tramp Yaqin Sharqdagi tinchlik o‘rnatish bo‘yicha tarixiy imkoniyat yuzaga kelayotgani haqida bayonot berdi va Isroilni G‘azo sektorini bombardimon qilishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.

Bu orada Isroil rahbariyati Oq uy chaqirig‘iga javoban o‘z armiyasiga G‘azo shahrini egallash bo‘yicha amaliyotni to‘xtatishni buyurgani ma’lum bo‘ldi.

Ammo jahon matbuoti xabar berishicha, Trampning chaqirig‘iga qaramay, Isroil armiyasi G‘azo sektorini bombardimon qilishda davom etmoqda. Trampning tinchlik haqidagi bayonotidan keyin ham G‘azo sektorida kamida 70 nafar falastinlik o‘ldirilgan.

Rasmiy raqamlarga qaraganda, Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023-yil 7-oktyabrdan buyon davom etayotgan noteng urushda 67074 nafar falastinlik halok bo‘ldi.

YuNISEFga ko‘ra, so‘nggi 22 oy ichida halok bo‘lgan bolalar soni 18 mingdan ortib ketdi.

Joriy yil sentyabr oyida BMT komissiyasi Isroilning G‘azodagi harakatlarini genotsid deb tan oldi.

Isroildagi ikki yetakchi inson huquqlari tashkiloti — B’Tselem hamda Physicians for Human Rights ham Netanyahu hukumatini falastinliklarga nisbatan genotsid sodir etishda ayblamoqda. Hisobotda Isroil armiyasi sodir etgan jinoyatlar, jumladan, minglab bolalar, ayollar va keksalarning o‘ldirilishi, majburiy ko‘chirishlar, uy va turarjoylarning yo‘q qilinishi, shifoxonalarning vayron etilishi, ocharchilikning yuzaga keltirilishi batafsil tasvirlangan.

Xalqaro tashkilotlar qirg‘inbarot davom etar ekan, falastinlik tinch aholi vakillari orasida qurbonlar soni shiddat bilan oshib borayotgani, g‘azoliklar ochlik, tashnalik va xastaliklar tufayli ham vafot etayotgani haqida bong urmoqda.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring