Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Скачать ×

Laylo Hayitova

Shiori: Olg‘a harakat qil, o‘rgan, izlan, urinib ko‘r, muhimi, to‘xtama!

Buxoroda 50 ga yaqin norasmiy ishchi faoliyati fosh etildi (video)

Soliq bazasini yashirish holatlariga qarshi olib borilgan tekshiruvlar natijasida qurilish sohasida soliqdan qochish holatlari aniqlandi. Buxoro viloyat Soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari Bahodir Fayziyevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, tadbirkorlar tomonidan mehnat qonunchiligini buzish holatlaridan tashqari, 34,3 milliard so‘mlik qurilish materillaridan ham hujjatlarsiz foydalanilgan.

Bildirilishicha, ayrim tadbirkorlar soliqdan qochish uchun turli «sxemalar»dan foydalanishgan. Bu esa tezkor ishchi guruhini tuzib, tadbirkorlar o‘rtasida soliq bazasini yashirish holatlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha  tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish zaruratini tug‘dirgan.

Shu asosda Buxoro shahrida ko‘p qavatli uy qurish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalarda o‘rganish ishlari olib borilgan.

O‘rganishlar davomida qator qurilish korxonalarida ishchi-xodimlar norasmiy ravishda mehnat qilayotgani aniqlangan. Mehnat inspeksiyasi xodimlari tomonidan Buxoro shahridagi 3 ta korxona mas’ullariga nisbatan mehnat qonunchiligi buzilishi yuzasidan belgilangan tartibda ogohlantirish berilgan.

Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, «INVEST BETTA WAN» korxonasi (nomi o‘zgartirilgan) tomonidan Buxoro shahridagi Yangi O‘zbekiston massivida jami loyiha qiymati 34,3 milliard so‘m bo‘lgan 9 qavatli, 72 xonadonli 2 ta turar joy binosi qurilishi 2025-yil aprel oyida boshlangan. Hozirgi kunda har ikki obyektning 9-qavatida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Biroq, qurilish ishlarining asosiy qismi bajarilganiga qaramasdan, jamiyat tomonidan o‘tgan davr mobaynida soliq hisobotlarida, atigi, 2 nafar xodim (korxona rahbari va ish yurituvchi) buxgalteriya hisobotlarida rasmiylashtirilgan va ularga oylik hisoblangan. 20 nafardan ortiq ishchining esa norasmiy ravishda ishlayotgani, ish haqi esa «konvert» usulida to‘lab kelingani oshkor bo‘lgan. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullar ogohlantirilib, ularga ixtiyoriy ravishda tuzatish kiritish uchun muddat berilgan.

Bundan tashqari, loyiha qiymati 34,3 milliard so‘m bo‘lgan 2 ta obyektda 9-qavatgacha qurilish-montaj ishlari, deyarli, yakunlanganiga qaramasdan, jamiyat tomonidan, bor-yo‘g‘i, 1 milliard so‘mlik qurilish mahsulotlari xarid qilingani aniqlangan. Bu holat esa qurilish ishlarida foydalanilayotgan materiallar, asosan, kirim hujjatlarisiz xarid qilinganini ko‘rsatadi. Dastlabki o‘rganishlar natijasida 3 ta qurilish subyektida qariyb, 50 nafar norasmiy ishchi faoliyat yuritayotgani, ish haqi «konvert» usulida to‘lanayotgani hamda qurilish materiallari kirim hujjatlarisiz ishlatilayotgani aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, tadbirkorlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan bunday «yashirin iqtisodiyot» viloyatda qurilish ishlarini amalga oshirayotgan barcha obyektlarda shunday o‘rganishlar bosqichma-bosqich davom ettirilishini ko‘rsatmoqda.

Holat yuzasidan qonunchilikka belgilangan tartibda javobgarlik choralari qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети