Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fuqarolarning nomiga kredit rasmiylashtirib, 17 mlrd so‘m o‘zlashtirgan jinoiy guruh fosh etildi

Fuqarolarning nomiga kredit rasmiylashtirib, 17 mlrd so‘m o‘zlashtirgan jinoiy guruh fosh etildi

Foto: Toshkent viloyati IIBB

Toshkent viloyatida fuqarolarga «foizsiz kredit» olib berishni va’da qilib, ularning nomiga kredit rasmiylashtirgan jinoiy guruh fosh etildi. Firibgarlar 400 nafardan ortiq fuqaroning nomiga kredit rasmiylashtirib, ajratilgan mablag‘larning qariyb yarmini o‘zlashtirgan. Umumiy zarar miqdori 17 milliard so‘mga yaqin bo‘lgan.

Toshkent viloyati IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Aniqlanishicha, jinoiy guruh a’zolari internetda «foizsiz kredit olib beramiz» mazmunidagi e’lonlarni joylashtirib, qiziqish bildirgan fuqarolarni oldindan ijaraga olingan hashamatli ofislarga taklif qilgan.

Ular fuqarolarga o‘z nomlariga kredit rasmiylashtirib berishni taklif etgan. Masalan, 100 million so‘mlik kredit ajratilsa, uning 50 million so‘mini fuqaro olishi, qolgan 50 million so‘mi esa «kompaniya»da qolishi, kreditning oylik to‘lovlarini esa firibgarlarning o‘zi to‘lab borishini va’da qilgan.

Yolg‘on va’dalarga ishongan fuqarolar o‘z telefonlari orqali kredit rasmiylashtirgan. Natijada 400 nafardan ortiq fuqaroning nomiga kreditlar olingan va ajratilgan mablag‘larning teng yarmi jinoiy guruh tomonidan o‘zlashtirilgan.

Oradan vaqt o‘tgach, fuqarolarga banklardan kredit qarzdorligini undirish bo‘yicha talabnomalar kela boshlagan. Shu tariqa firibgarlik sxemasi fosh etilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergovga qadar tekshiruv va tezkor tadbirlar davomida jinoiy guruhning olti nafar a’zosi gumonlanuvchi sifatida ushlanib, qamoqqa olingan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

IIBB fuqarolarni internetdagi «foizsiz kredit», «juda kam foizli kredit» va «hujjatsiz kredit» kabi shubhali takliflarga ishonmaslikka chaqirdi.

Shuningdek, kredit fuqaroning nomiga rasmiylashtirilsa, bank oldidagi majburiyat ham uning zimmasida qolishi ta’kidlandi. Shu sababli kredit to‘lovlarini boshqa shaxslar amalga oshirib borishi haqidagi va’dalarga aldanmaslik tavsiya etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring