Afg‘onistondan Xorazmga olib o‘tilgan «ajal og‘usi» sotuvchilari qo‘lga tushdi
DXX hududiy boshqarmalari hamda IIV o‘tkazgan tezkor tadbirlar davomida katta miqdordagi narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Jumladan, Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs Urganch tumani hududida harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida tekshirilganda, uning yonida 4 kg 407 gr «opiy» moddasi borligi ma’lum bo‘ldi va protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Boshqa holatda esa «Beruniy-Urganch» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Lasetti» rusumli avtotransport vositasi Urganch tumanidagi «Cholish» YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada, avtomashinada ketayotgan Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 2002-yilda tug‘ilgan muqaddam narkojinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxsga tegishli 4 kg 541 gr «opiy» moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Ta’kidlanishicha, har ikki holatda ham qonunbuzarlar Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan narkotik moddalarni Xorazm viloyatida mijozlarga sotib, mo‘may daromad topishni rejalashtirishgan.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi va 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter