IIV targ‘iboti bolalar huquqidan ustunmi? – vazirlik tarqatgan videotasvirlar jamoatchilikda savol tug‘diryapti
Joriy yil 16-oktyabr kuni Toshkentning Chilonzor tumanidagi 183-maktabda o‘tkazilgan profilaktik tadbir videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Unda poytaxt YHXBB matbuot kotibi sifatida tanilgan Qahramon Xudoyberganov boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridan kim maktabga avtomobilning oldingi o‘rindig‘ida kelganini so‘raydi.
Uch nafar bola sinf oldiga chiqqach, ulardan otalarining ismlari so‘raladi va ota-onalariga jarima solinishi aytiladi. Dastlab savolga xursandchilik bilan javob bergan bolalar kutilmaganda sinfdoshlari oldida noqulay vaziyatga tushib qoladi. So‘ng esa rasmiy ularning ota-onalarini shu safar kechirishini aytib, ularni tartibga chaqirgan bo‘ladi.
Bir muddat avval IIV tarqatgan yana bir video ham e’tirozlarga sabab bo‘lgandi. Unda jazoni ijro etish muassasasidagi mahkumlar va ularning yosh bolalari tasvirlari namoyish etilgan. Ayrim kadrlarda bolalarning yuzlari ochiq ko‘rinadi.
Targ‘ibotning ijtimoiy ahamiyati bolaga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararni oqlaydimi?..
Yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini targ‘ib qilish zarurligi shubhasiz. Ammo bunda nega aynan bolalardan foydalanildi? Nima uchun ota-onalarning ehtimoliy qoidabuzarligi farzandlari ishtirokida muhokama qilindi? Eng muhimi, nima sababdan bolalarning yuzlari yashirilmagan video ommaga tarqatildi?
«Qamoqxona» holati bo‘yicha esa – agar ota jazoni ijro etish muassasasida ekani ommaga ma’lum bo‘lsa, bola maktabda yoki mahallada kamsitilishi ehtimoli o‘ylab ko‘rilmaganmi? Bola ota-onasining qilmishi uchun javob bermasligi nega e’tiborga olinmadi? Bolaning oilaviy holati ommaviy targ‘ibot vositasiga aylanmasligi kerak emasmidi?..
Jamoatchilik nimadan norozi?
Ijtimoiy tarmoqlarda maktabdagi tadbirni tanqid qilayotganlar profilaktika usuli bolalarning yoshi va ruhiy holati hisobga olinmaganidan norozi.
Masalan, tanqidiy munosabatlardan birida uch nafar o‘quvchi hech narsadan shubhalanmay sinf oldiga chiqqani, keyin esa butun mamlakat bo‘ylab muhokama markaziga tushib qolgani aytiladi. Taniqli jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev esa, bolalarning shaxsini oshkor qilishni «jiddiy huquqiy muammo» deb baholagan.
Mahkumlar ishtirokidagi videoga nisbatan ham shunga o‘xshash e’tiroz bildiriladi: bolalarning aksariyati qamoq nima ekanini to‘liq anglamaydi, ayrim tengdoshlari esa ularning otasi jazoni o‘tayotganidan mutlaqo bexabar bo‘lishi mumkin…
18 oktyabr kuni «Gazeta» yoritgan munosabatlarga ko‘ra, Ta’lim va ilm-fan vazirligi Chilonzordagi tadbir vazirlik bilan kelishilmaganini bildirgan.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova esa bola ota-onasining harakatlari uchun javobgar emasligini ta’kidlab, bunday profilaktika usuliga e’tiroz bildirgan.
Mahkumlar va bolalar aks etgan holat yuzasidan esa Bolalar ombudsmani matbuot xizmati rahbari Dilnoza Yusupova idora «bu kabi bolalar manfaatiga zid bo‘lgan mediakontent tayyorlanishi va ommaviy tarqatilishiga qarshi» ekanini aytgan va bu borada «IIV mas’ullariga o‘z munosabatini bildirib, bolaning sha’ni va qadr-qimmati, uning ruhiy uyg‘unligini hurmat qilish zarurligiga e’tibor qaratgani»ni bildirgan.
O‘zbekiston qonunchiligi, xususan «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun bolaning sha’ni va qadr-qimmatini, shaxsiy hayoti daxlsizligini himoya qiladi.
«Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun esa bolalarni ruhiy zo‘ravonlik, kamsitish va tahqirlashdan muhofaza qilishga qaratilgan.
Bu normalarga ko‘ra, profilaktika tadbirining maqsadi qonuniy bo‘lishi uni o‘tkazishning har qanday usulini oqlamaydi. Bolalarni omma oldida noqulay ahvolga solish, ularning shaxsiy ma’lumotlarini zaruratsiz tarqatish yoki oilaviy holatini oshkor qilish huquqiy baholashni talab etadi.
O‘zbekiston ishtirokchi bo‘lgan BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ham bu masalada aniq mezonlarni belgilaydi.
Uning 2-moddasi bolalarni ota-onasining maqomi yoki harakatlari sababli kamsitishni taqiqlaydi. 3-moddaga ko‘ra, bolaga daxldor har qanday harakatda uning eng ustun manfaatlari birinchi o‘rinda turishi shart. 16-modda bolaning shaxsiy hayoti, sha’ni va obro‘sini himoya qiladi. 19-modda esa bolalarni jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikdan muhofaza qilish majburiyatini belgilaydi.
Demak, xalqaro huquq nuqtai nazaridan ham asosiy mezon videoning qancha ko‘rilgani yoki bunday targ‘ibotning qanday natija bergani emas, balki unda ishtirok etgan bolalarning huquqlari ta’minlanganidir.
Eng ko‘p savol tug‘dirayotgan jihatlardan biri – e’tirozlardan keyin ham mazkur videolarning internetda saqlanib qolayotgani (bu va mana bu).
Agar bolalar huquqlarini himoya qilishga mas’ul idoralar e’tiroz bildirgan bo‘lsa, videolarni tarqatgan tashkilotlar bu e’tirozlarni qanday ko‘rib chiqdi? Bolalarning yuzini yashirish, tasvirlarni tahrirlash yoki materiallarni o‘chirish masalasi muhokama qilinganmi?
Bu holat bolalar manfaatlari bilan davlat idoralarining axborot siyosati o‘rtasidagi muvozanat qanday ta’minlanayotgani haqida asosli savollar tug‘dirmoqda.
Bugun esa jamiyatga faqat targ‘ibot natijalari emas, uning qanday usullar bilan amalga oshirilayotgani ham muhim.
Zero, qonunni himoya qiluvchi idoralar, avvalo, o‘sha qonun himoyasidagi bolalarning huquqlariga hurmat ko‘rsatishi kerak.
Elbek


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter