Toshkentda havoga uchirilgan shar to‘rtta tumanda elektr uzilishiga sabab bo‘ldi
19 oktyabr kuni Toshkentning Yunusobod, Olmazor, Mirzo Ulug‘bek va Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida uzilish kuzatildi. Bunga «Aksa Toshkent» issiqlik elektr stansiyasining ochiq taqsimlash qurilmasiga havoda uchib kelgan shar tushishi sabab bo‘lgan.
Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, soat 19:05 da Qibray tumanida joylashgan «Aksa Toshkent» IESda transformatorning himoya tizimi ishga tushgan. Natijada stansiya quvvati 460 MVtdan 185 MVtgacha kamaygan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bunga T-5 transformatoridagi shikastlanish sabab bo‘lgan.
Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida soat 19:09 da Yunusobod va Olmazor tumanlarida elektr ta’minoti qisman tiklangan. Soat 19:25 da zaxira manbalar orqali ta’minot to‘liq tiklangan, 19:38 ga kelib esa barcha iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish qayta tiklangan.
Energetika vazirligi fuqarolardan elektr stansiyalari, podstansiyalar va boshqa elektr qurilmalari yaqinida havoga shar uchirmaslikni so‘radi. Bunday holatlar elektr ta’minotida uzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter