Ota o‘z farzandining qotiliga aylandi

2024-yilning 16-fevral kuni. Kechki soat 19:00 lar atrofi. Surxondaryo viloyati, Sherobod tumani ichki ishlar bo‘limiga xabar kelib tushdi. «Nurtepa mahallasida uch yoshli bola yo‘qolib qoldi... Tezroq yordamga kelsangizlar, iltimos...»
Huquq-tartibot organlari xodimlari zudlik bilan chaqiriq kelib tushgan manzilga yetib kelishgan. Uch yoshli bola E.Q.ning otasi D.Q.ning aytishicha, 2021-yilda tug‘ilgan o‘g‘li yashash uyidan chiqib ketib, qaytib kelmagan. Ichki ishlar xodimlari atrofni, qo‘ni-qo‘shnilarning hovli-joylarini ko‘zdan kechirishgan. Shom paytida uch yoshli bolaning uydan chiqib ketishi hammani sergak torttirdi. Xodimlarga qo‘shilib, mahalla ahli ham bedarak yo‘qolgan bolani axtarishga chiqqan.
***
Surxondaryo viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Akram Choriyevning so‘ziga ko‘ra, ushbu xabar viloyat prokuraturasiga soat 22:00 lar chamasida kelib tushgan. Tezkor-tergov guruhi bilan birgalikda voqea joyiga yetib borilgan. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respubikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazishga kirishilgan.
Bolaning bedarak yo‘qolishi, nafaqat, uning onasi Sh.Q.ni, balki, butun mahallani sergak torttirdi. Ona dod-faryod solib, ko‘z yosh to‘kib, «o‘g‘lim qayerda?!»- deb baqirdi... Bola topildi... Ammo, afsuski, hayot emas, o‘lik holda, hovli orqasidagi tomorqadan oqib o‘tuvchi ariqdan.
Surxondaryo viloyat prokuraturasi, viloyat ichki ishlar va tezkor-tergov guruhlari xodimlari bolaning o‘limi bilan bog‘liq holat qotillik bo‘lishi mumkinligiga gumon qilishgan. Chunki, ariqdan uncha uzoq bo‘lmagan joydan topilgan bolaning kiyimlari ayni qish chillasida uning o‘zi suvga tushib ketganga o‘xshamas, balki, qasddan tashlanganga o‘xshagan. Haqiqat shunday bo‘lib chiqqan: bolaning o‘limida gumonlangan shaxs – uning o‘z otasi, D.Q. ekani aniqlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sherobod tuman sudi hujjatlariga ko‘ra, D.Q. va Sh.Q. 2018-yilda turmush qurishgan. Bir nafar farzandli bo‘lishgan. Oradan vaqt o‘tib, oilaviy kelishmovchiliklar boshlangan. Doimiy nizolar, urush va janjallar ayolning tinkasini quritgan. Ayniqsa, o‘zaro ishonchsizlik va ayblovlar tufayli Sh.Q. kelinlik uyidan chiqib ketib, ota uyiga qaytishga majbur bo‘lgan. O‘zini oqlashga urinmasin, xiyonat mish-mishlari yosh oilani barbod qilgan. 8 oy davomida ota uyida yashab kelayotgan ayol oilasining ajrim yoqasiga kelganini anglagan va farzandi ta’minoti uchun sudga aliment uchun da’vo arizasi kiritgan.
Er-xotin orasidagi kelishmovchiliklar faqat bir-birlarining emas, bolaning taqdirini ham chirmab tashlagan. Bunga qo‘shimcha, erning yonidagi «do‘stlari»ning: «Xotining senga xiyonat qilgan, o‘g‘ling o‘zingdanmi?!» — degan kinoyali so‘zlari otaning ongini zaharlagan. Bunday nojoiz savollar D.Q.ning yuragida shubha uyg‘otgan. Shubha esa aqlini yo‘qotar darajada kuchaygan...
Fojea kuni — 2024 yilning 16 fevralida D.Q. go‘yoki, o‘zini «yarashayotganday» ko‘rinishda turmush o‘rtog‘i va farzandini uyiga taklif qilgan. «Qayta hayot boshlaymiz!» — deya xotinini aldab, ishontirib, ularni o‘ziga tegishli bo‘lgan «Damas» rusumli avtomashinasida olib kelgan. Aslida, bu yarashuv ortida oldindan rejalashtirilgan qotillik mavjudligini Sh.Q. xayoliga ham keltirmagandi.
Ota uyining bir xonasida o‘g‘lini chalg‘itish maqsadida televizorda multfilm qo‘yib berib, eshikni qulflab chiqib ketgan. Xotinini esa boshqa bir xonaga qo‘yib, hovliga chiqishini qiyinlashtirish maqsadida uning kiyimlarini xonaning har burchagiga otib yuborgan va go‘yoki, o‘zi yuvinib kelish uchun ketayotgandek hovliga chiqqan. U yarim soatcha oldin boshqa bir xonaga qamab qo‘ygan farzandini xonadan olib chiqib, yashash uyining orqa tomonida bo‘lgan mahalla arig‘iga tashlab yuborgan.
Uch yoshli bolakay quvonchdan qo‘llarini otasiga cho‘zib, unga qarab: «Dada» deb yugurdi. Ota esa ko‘zlari porlab turgan o‘g‘lini dast ko‘tardi-da, hovlisining orqa tarafidan oqib o‘tuvchi ariqqa otib yubordi. Sovuq va muzday suvga otib yuborilgan bola avvaliga talmovsiradi, keyin tipirchilab, otasidan najot tilab, unga olazarak tikildi. Qo‘l va oyoqchalari bilan suvni shalpillatib har yoqqa sochib, talpinib, big‘illab yig‘ladi... Bu paytda shafqatsiz ota voqea joyidan uzoqlashib bo‘lgan edi...
Sherobod tuman prokuraturasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jinoyatga oid xatti-harakatlar batafsil o‘rganilib, tergov qilingan. Dalillar yig‘ilgan. Guvohlar so‘ralgan. Ekspertiza xulosalari asosida D.Q.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (kasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sherobod tuman sudi raisi To‘lqin To‘raqulovning bildirishicha, sud tomonidan ayblanuvchining qilmishiga yarasha huquqiy baho berilgan. U 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
***
Bu fojia, nafaqat, bir bolaning hayotini, balki, bir necha insonlarning ham taqdirini sindirdi. Ota - hurmatsizlik, shubha va buzuq muhit qurboni bo‘ldi. Ona - farzandsiz qoldi. Jamiyat esa yana bir bor ayol va bolalar xavfsizligi, ruhiy sog‘lomlik, nikoh madaniyati va oila instituti borasida o‘ylashga majbur bo‘ldi.
Shu voqea bir narsani ochiq ko‘rsatdi: mulohazasiz og‘izdan chiqqan so‘z, gumon va shubhalar, ishonchsizlik va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatolmagan muhit otani o‘z farzandining qotiliga aylantirdi.
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter