Shaharlashuv: madaniy meros va ekologik barqarorlik e’tibordan chetda qolmasligi kerak
Toshkentda 10-dekabr — Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan «Uyda inson huquqlari: shahar transformatsiyasi, munosib turarjoy huquqi va ijtimoiy adolat» mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbir Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, Shveysariya, Germaniya va Buyuk Britaniya elchixonalari hamda BMTning Markaziy Osiyo bo‘yicha Inson huquqlari mintaqaviy idorasi tomonidan tashkil etildi.
O‘zbekiston shaharlarida keng ko‘lamli o‘zgarishlar jarayonida munosib turarjoy huquqlari, madaniy merosni saqlash, ekologik muammolar va ijtimoiy inklyuziya masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu ma’noda ushbu konferensiya tezkor urbanizatsiyani shaffoflik, qonun ustuvorligi va barcha qatlamlarni qamrab olishni ta’minlagan holda boshqarish bo‘yicha inklyuziv muloqot platformasiga aylandi.
«Urbanizatsiyani taraqqiyot ko‘rsatkichi sifatida qabul qilish kerak, biroq shaharlarning o‘sishi barqaror, inklyuziv va ekologik jihatdan mas’uliyatli bo‘lishini ta’minlash uchun u boshqarilishi lozim. Bu jarayon ijtimoiy adolat va madaniy meros hisobiga bo‘lmasligi kerak. Muloqot muhim, inklyuziya va maslahatlashuv esa zarur», — dedi Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Timoti Smart.
«Davlatlar fuqarolik ishtirokini rag‘batlantirish uchun sharoit yaratishi shart, ammo biz fuqarolar sifatida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida belgilangan huquqlarni talab qilishimiz kerak», — dedi YeI elchisi Toyvo Klaar.
Shveysariya elchisi Konstantin Obolenskiy esa shahar transformatsiyasi munosib turarjoy huquqi va ijtimoiy adolatga ta’sir qilishi, ulkan iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlardan hamma foyda ko‘rishi uchun kafolatlar joriy etilishi muhimligiga e’tibor qaratdi.
Jahon bankining shaharsozlik bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Muhammad Nada global ilg‘or tajribalarni taqdim etib, shaharlarni rejalashtirishda jamoatchilikning ishtiroki ahamiyatiga urg‘u berdi.
Tadbir BMT Inson huquqlari bo‘yicha vakili ofisi mas’ul xodimi Omer Fisher boshchiligidagi muhokama bilan yakunlandi.
Tadbirda hukumat vakillari va fuqarolik jamiyati yetakchilari shahar transformatsiyasi va turarjoy huquqlari bilan bog‘liq muammolar hamda imkoniyatlar bo‘yicha o‘z qarashlarini bildirishdi.
An’anaga aylangan ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston fuqarolik jamiyati tashkilotlari markaziy rol o‘ynadi. Mamlakat bo‘ylab 40 dan ziyod tashkilot va faollar, jumladan, turarjoy huquqlari, ekologik barqarorlik, nogironlar huquqlarini himoya qilish va gender tengligi bo‘yicha faoliyat yurituvchi NNTlarning faol ishtiroki fuqarolik jamiyatining shaharlarimiz kelajagini shakllantirishda yanada muhim rol o‘ynashga tayyorligini ko‘rsatadi.
Ma’lumot o‘rnida: BMT 1950-yilda 10-dekabrni – Xalqaro inson huquqlari kuni deb belgilagan. 1948-yilning ushbu sanasida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan edi.
O‘zbekiston Respublikasi 1991-yil 30-sentyabrda ushbu xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilib, uning ustuvor talablarini qabul qilgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter